Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov videokonferensiya shaklida xalqaro hamkorlikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Uning kun tartibi O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) raisligi bilan bog‘liq vazifalar va bo‘lajak yuqori darajadagi tashriflarga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini qamrab oldi.
Yig‘ilishda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, mahalliy hokimliklar va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Davlat rahbari tomonidan O‘zbekistonning ShHTga raisligi bilan bog‘liq barcha tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rishni boshlash vazifasi qo‘yilganligi ta'kidlandi. Shu munosabat bilan, investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida maxsus shtab tashkil qilinib, unga vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va boshqa tashkilotlarning tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari jalb etiladi.
Masul rahbarlarga O‘zbekistonning ShHTga raisligi doirasida rejalashtirilgan tadbirlarni amaliy mazmun bilan to‘ldirish yuzasidan takliflar kiritish topshirildi. Takliflar asosida tegishli “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
2022-yil sentyabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan ShHT sammitiga tayyorgarlikning borishi haqidagi hisobotlar tinglandi. Vazirlik va idoralar rahbarlariga mavjud masalalarni hal etish yuzasidan tezkor chora-tadbirlar ko‘rish va qilingan ishlar yuzasidan shtabga muntazam ravishda hisobotlar taqdim etib borish topshirildi.
investitsiyalar , savdo, transport va logistika sohalarida yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda bo‘lajak sammit doirasida ShHTga a'zo davlatlar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan qo‘shimcha tadbirlarni tashkil etish muhimligi ta'kidlandi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida kutilayotgan oliy darajadagi tashriflarni yuqori saviyada tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Vazifalariga aniq investisiya loyihalari, savdo shartnomalari, qo‘shma biznes-forumlar va tarmoq ko‘rgazmalarini o‘tkazish masalalaridan iborat iqtisodiy kun tartibini shakllantirish kiradigan ishchi guruhlarni tashkil etish topshirildi.
Uchrashuv yakunida mutasaddi rahbarlarga hamkor mamlakatlar iqtisodiyotini chuqur tahlil qilish, shuningdek, tegishli ishchi guruhlariga investisiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq takliflarni taqdim etish vazifasi berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi