O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vaziri Tatariston Prezidenti bilan uchrashdi
2021-09-16 | Siyosat
15-sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Tatariston Prezidenti Rustam Minnixanov bilan uchrashdi. Uchrashuv Qozon shahrining Kremlida boʻlib oʻtdi.
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya Qozonga tashrifi chogʻida TCI – 2021 Global konferensiyasida ishtirok etadi, “Ximgrad” texnopolisi va Innopolis shaharchasi faoliyati bilan tanishadi.
Tomonlar Oʻzbekiston va Tatariston oʻrtasida ilm-fan, innovatsiyalar va texnologiyalar sohasida hamkorlik uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligini qayd etdilar. Rustam Minnixanov Tatariston Rossiyaning eng iqtisodiy va innovatsion jihatdan eng barqaror rivojlangan hududlaridan biri ekanini, axborot texnologiyalar rivojiga alohida eʼtibor berilishini taʼkidladi. Shu oʻrinda R. Minnixanov Oʻzbekistondagi oxirgi besh yillikdagi oʻzgarishlar haqida gapirarkan, Oʻzbekistonning jahon maydonidagi imiji ijobiy tomonga oʻzgarganini, bu oʻz navbatida davlatlararo turli yoʻnalishlarda hamkorliklar uchun keng yoʻl ochib berganini aytdi.
Innovatsion rivojlanish vaziri R. Minnixanovning joriy yil iyun oyida Toshkentga tashrifi natijalarini yuqori baholadi. Tashrif chogʻida erishilgan kelishuvlar jadal amalga oshirilayotani haqida fikrlar almashildi. Vazir Oʻzbekiston va Tatariston oʻrtasida qoʻshma startap loyihalarni amalga oshirish hamda Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarining innovatsiyalar boʻyicha prorektorlari uchun Tataristonda “Innovatsion menejment” yoʻnalishida maxsus kurslar tashkil etish taklifini ilgari surdi. R. Minnixanov Oʻzbekiston delegatsiyasi takliflarini qabul qilib, tomonlar mazkur loyihalarni amalga oshirishga kelishdilar.
Shuningdek tomonlar Innovatsion rivojlanish vazirligi binosining koʻrgazmalar zalida Tatariston burchagini tashkil etish zarurligini inobatga olib, bu boʻyicha tashkiliy ishlarni rejalashtirdilar. Oʻz navbatida, noyabr oyida Toshkent shahrida oʻtkaziladigan InnoWeek-2021 Xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligiga Tatariston delegatsiyasining tashrifi kutilmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi