O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘FA rahbariyati O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi bilan uchrashdi
2021-09-15 | Sport
Bugun terma jamoa a’zolarining “Bunyodkor” futbol akademiyasida o‘tkazgan mashg‘ulotlarini O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov kuzatib bordi.
Mashg‘ulotlar yakunida Bahrom Norsafarov boshchiligidagi murabbiylar shtabi bilan jamoaning ayni paytdagi holati va imkoniyatlari xususida suhbatlashildi. Tayyorgarlik jarayoniga zamonaviy yondashish, yangi texnologiyalarni jalb etish, sport tibbiyotiga jiddiy e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, futbolchilarimizning sharoitlar haqidagi fikrlari tinglandi. Ermatov ularga murojaat qilar ekan, ahillik, maydonda va undan tashqarida bir jamoa ekanligini his etish, terma jamoa safida “men” emas, balki “biz” degan so‘z ustuvor bo‘lishi zarurligini ta’kidlab, agar bunga amal qilinsa jahon miqiyosida ham raqobat qila olishimizni aytib o‘tdi.
Uchrashuvda shuningdek O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes ham ishtirok etdi. Sloveniyalik mutaxassis xalqaro tajribadan kelib chiqib o‘z tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbir yakunida Ravshan Ermatov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov hamda keng futbol jamoatchiligi nomidan futbolchi qizlarimizga omad tiladi.
Ma’lumot uchun: qizlarimiz Osiyo kubogi saralash bosqichining “E” guruhida Janubiy Koreya va Mo‘g‘uliston terma jamoalariga qarshi bahs olib borishadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi