Toshkentda O‘zbekiston-Turkmaniston Hukumatlararo komissiyasining 16-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Toshkentda Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston Hukumatlararo komissiyasining 16-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish kun tartibi investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, ilmiy-texnik, transport va tranzit, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning keng ko‘lamli masalalarini qamrab oldi.
HK hamraislari o‘z chiqishlarida ikkala Hukumatning konstruktiv, uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlashga sodiqligini, shuningdek, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e'tiborni qayd etdilar.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikdagi ijobiy tendensiyalar qayd etildi. Ayni paytda O‘zbekistonda turkman kapitali ishtirokida 160 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda hamda joriy yilning birinchi yarmida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 20 foizga oshdi.
Tomonlar ikki mamlakat iqtisodiyotining qiyosiy ustunliklarini hisobga olgan holda sanoat kooperatsiyasini faol rivojlantirish va uzluksiz qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirish zarurligi to‘g‘risida yakdil fikr bildirdilar. Qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, charm-poyabzal sanoati, maishiy texnika va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida ishlab chiqarish ob'ektlarini tashkil etish loyihalarini ishlab chiqishni jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha aniq loyihalarni o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilishga kelishildi.
O‘zaro savdoni rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi sa'y-harakatlar rejalashtirildi. Jumladan, tomonlar ikki mamlakat bozorlariga o‘zbek va turkman mahsulotlarini barqaror yetkazib berishni ta'minlash yuzasidan amaliy chora-tadbirlarni ko‘rishga hamda o‘zbek-turkman savdo aylanmasi hajmini yaqin kelajakda 1 mlrd dollarga yetkazishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Ikki mamlakat tashqi savdo idoralari vazirlarining o‘rinbosarlari darajasidagi qo‘shma ishchi guruh bu yo‘nalishdagi takliflarni muntazam ravishda ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, yaqin kelajakda O‘zbekiston-Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasi faoliyatini tashkil etish va tartibga solish to‘g‘risidagi Bitim loyihasini kelishish ham yakuniga yetkaziladi.
Ikki mamlakat o‘rtasida transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni yaxshilashga alohida e'tibor qaratildi. Jumladan, tomonlar transport yo‘laklarini yanada rivojlantirish, aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich qayta tiklash, 2022-yilda o‘zaro tarif imtiyozlarini taqdim etish, “Turkmanboshi” dengiz porti infratuzilmasidan foydalanish istiqbollari hamda boshqa tashabbuslarni nazarda tutuvchi qo‘shma choralarni ishlab chiqish va qabul qilishga kelishib oldilar.
Tadbir davomida uchrashuv ishtirokchilari – ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari ham so‘zga chiqib, muayyan sohadagi hamkorlik qilishga doir navbatdagi tadbirlar haqida o‘z qarashlarini bayon etdilar.
HK yakunlari bo‘yicha energetika, neft va gaz sohasi, kimyo va avtomobil sanoati, qishloq va suv xo‘jaligi, ekologiya, fan, ta'lim, sport va turizm sohalarida yanada amaliy hamkorlik qilish bo‘yicha qator muhim kelishuvlarga erishildi.
Yig‘ilish yakunida tadbir davomida erishilgan kelishuvlar, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlari aks etgan O‘zbekiston-Turkmaniston HK 16-yig‘ilishi Bayonnomasi imzolandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi