O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Prezidentlikka nomzodlarning guvohnomalari topshirildi

2021-09-14 | Saylov

Saylov qonunchiligida siyosiy partiyalarga imzo to‘plashda qo‘yilgan muhim talablardan biri–bu O‘zbekiston Respublika Prezidentligiga bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining har biridan imzolar umumiy sonining ko‘pi bilan sakkiz foizini to‘plashi mumkinligi belgilangan.

Kodeksda, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi mumkinligi nazarda tutilgan.  

Ushbu talabga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 30-avgust kuni qabul qilingan  “Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi ekspert guruhlarini tuzish to‘g‘risida”gi qarori bilan uchta ekspert guruhi tuzildi.  

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi ekspert guruhi va ishchi guruhining tekshirish natijasi bo‘yicha xulosalariga ko‘ra quyidagilar aniqlandi.  

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va uning joylardagi hududiy organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Vorisova Maksuda Azizovnani qo‘llab-quvvatlovchi jami 225 mingdan ortiq saylovchining imzosi to‘plangan.   

Shundan O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilari umumiy sonining kamida bir foizi,ya’ni 212 ming 660 nafar saylovchi imzosi qo‘yilgan imzo varaqalari blankalari hududlar bo‘yicha alohida-alohida taxlangan holda Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etilgan. Qolgan imzo varaqalari siyosiy partiyada zaxira sifatida qoldirilgan.  

Saylov kodeksining 39-moddasi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzolarni to‘plash va imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 14, 15-bandlariga asosan 212 ming 660 ta imzoga nisbatan 15 foiz imzolar, ya’ni 31 ming 899 ta imzolardan har bir ma’muriy-hududiy tuzilmaning har biridan tanlov asosida teng nisbatda ekspert guruhi tomonidan tekshirish uchun ajratib olindi.  

Ekspert guruhi tomonidan tekshirish uchun tanlab olingan 31 ming 899 ta imzoga nisbatan imzo varaqalarini to‘ldirishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar 5,4 foizni tashkil etib, bu raqam o‘rganilgan imzolarning chorak qismidan, ya’ni yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xato kamchiliklar miqdori 25 foizdan sezilarli darajada kam ekanligi aniqlangan.  

Ekspert guruhi a’zolari yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan tekshiruv uchun taqdim etilgan imzolar qonun talablariga muvofiq to‘planganligini inobatga olib, to‘plangan imzo varaqalari nomzodni ro‘yxatga olish uchun yetarli miqdorda to‘plangan va O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasining yuqorida qayd etilgan Nizomi talablariga mos, degan xulosaga kelgan.  

Markaziy saylov komissiyasining ishchi guruhi o‘z navbatida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan taqdim etilgan barcha hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90-moddasi va Saylov kodeksining 37, 39, 40, 61, 62 va 64-moddalari talablariga muvofiqligini o‘rganib chiqdi hamda ekspert guruhining xulosasi inobatga olindi.  

Xalq demokratik partiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod qonun talablariga rioya etilgan holda ko‘rsatilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni ro‘yxatga olish uchun hujjatlar to‘liq va o‘z vaqtida taqdim etilgan.  

Shular inobatga olinib, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Maksuda Vorisova ro‘yxatga olindi.  

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va uning joylardagi hududiy organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Bahrom Abdurahimovich Abduhalimovni qo‘llab-quvvatlovchi jami 213 mingdan ortiq saylovchining imzosi to‘plangan. 

Shundan O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilari umumiy sonining kamida bir foizi, ya’ni 212 ming 660 nafar saylovchi imzosi qo‘yilgan imzo varaqalari blankalari hududlar bo‘yicha alohida-alohida taxlangan holda Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etilgan.Qolgan imzo varaqalari siyosiy partiyada zaxira sifatida qoldirilgan.  

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 39-moddasi hamda Markaziy saylov komissiyasi tegishli Nizomining 14, 15-bandlariga asosan 212 ming 660 ta imzoga nisbatan 15 foiz imzolar, ya’ni 31 ming 899 ta imzolardan har bir ma’muriy-hududiy tuzilmadan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining har biridan tanlov asosida teng nisbatda ekspert guruhi tomonidan tekshirish uchun ajratib olindi.  

Ekspert guruhi tomonidan tekshirish uchun tanlab olingan 31 ming 899 ta imzoga nisbatan imzo varaqalarini to‘ldirishda yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar 7 foizni tashkil etib, bu raqam o‘rganilgan imzolarning chorak qismidan, ya’ni yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xato kamchiliklar miqdori 25 foizdan sezilarli darajada kam ekanligi aniqlangan.  

Ekspert guruhi a’zolari O‘zbekiston “Adolat” SDP tomonidan tekshiruv uchun taqdim etilgan imzolar qonun talablariga muvofiq to‘planganligini inobatga olib, to‘plangan imzo varaqalari nomzodni ro‘yxatga olish uchun yetarli miqdorda to‘plangan va O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasining yuqorida qayd etilgan Nizomi talablariga mos, degan xulosaga kelgan.  

Markaziy saylov komissiyasining ishchi guruhi O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan taqdim etilgan barcha hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90-moddasi va Saylov kodeksining 37, 39, 40, 61, 62 va 64-moddalari talablariga muvofiqligini o‘rganib chiqdi hamda ekspert guruhining xulosasini inobatga oldi.  

“O‘zbekiston “Adolat” SDP tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod qonun talablariga rioya etilgan holda ko‘rsatilgan. Partiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni ro‘yxatga olish uchun hujjatlar to‘liq va o‘z vaqtida taqdim etilgan. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston “Adolat” SDPdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Bahrom Abduhalimov ro‘yxatga olindi.  

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi ekspert guruhi va ishchi guruhining xulosalariga ko‘ra, partiya va uning joylardagi hududiy organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni qo‘llab-quvvatlovchi jami 300 mingdan ortiq saylovchining imzosi to‘plangan.  

Shundan O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilari umumiy sonining kamida bir foizi, ya’ni 212 ming 660 nafar saylovchilar imzosi qo‘yilgan imzo varaqalari blankalari hududlar bo‘yicha alohida-alohida taxlangan holda Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etilgan. Qolgan imzo varaqalari siyosiy partiyada zaxira sifatida qoldirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 39-moddasi hamda tegishli Nizomning 14, 15-bandlariga asosan 212 ming 660 ta imzoga nisbatan 15 foiz imzolar, ya’ni 31 ming 899 ta imzolardan har bir ma’muriy-hududiy tuzilmadan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining har biridan tanlov asosida teng nisbatda ekspert guruhi tomonidan tekshirish uchun ajratib olindi.  

Ekspert guruhi tomonidan tekshirish uchun tanlab olingan 31 ming 899 ta imzoga nisbatan imzo varaqalarini to‘ldirishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar 3,4 foizni tashkil etib, bu raqam o‘rganilgan imzolarning chorak qismidan, ya’ni yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xato- kamchiliklar miqdori 25 foizdan sezilarli darajada kam ekanligi aniqlangan. Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etilgan imzolar umumiy sonining yarim foizidan ham kam miqdorni tashkil etadi.

Ekspert guruhi a’zolari O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan tekshiruv uchun taqdim etilgan imzolar qonun talablariga muvofiq to‘planganligini inobatga olib, to‘plangan imzo varaqalari nomzodni ro‘yxatga olish uchun yetarli miqdorda va O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasining yuqorida qayd etilgan Nizomi talablariga mos, degan xulosaga kelgan.  

Markaziy saylov komissiyasining ishchi guruhi O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi tomonidan taqdim etilgan barcha hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90-moddasi va Saylov kodeksining 37, 39, 40, 61, 62 va 64-moddalari talablariga muvofiqligini o‘rganib chiqib hamda ekspert guruhining xulosasini inobatga olgan.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning nomzodi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati –O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan qonun talablariga to‘liq rioya etilgan holda ko‘rsatilgan.   

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni ro‘yxatga olish uchun hujjatlar to‘liq va o‘z vaqtida taqdim etilgan. Shu jihatdan O‘zLiDePdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyev ro‘yxatga olindi.  

Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga siyosiy partiyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi qaror hamda nomzodlarning guvohnomalarini topshirdi.  

Manba: O'zA

Поделиться