O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bahodir Jalolov: “Sizlarning orangizdan ham qaysi sohada bo‘lmasin mashhur insonlar, Vatanimizni dunyoga tanitadigan sportchilar chiqishiga ishonaman”
2021-09-14 | Yoshlar
Jizzax viloyatida bo‘lib o‘tgan “Chempionlar va yoshlar uchrashuvi”da boks bo‘yicha olimpiada va jahon chempioni Bahodir Jalolov yoshlar bilan uchrashdi.
Milliy gvardiya qo‘mondonligi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu uchrashuv videoselektor tarzida o‘tkazilib, karantin qoidalariga to‘liq rioya etilganini alohida ta’kidlash joiz.
Mazkur uchrashuvda yaqinda Yaponiyada bo‘lib o‘tan XXXII Yozgi olimpiada o‘yinlarida sportning boks turi bo‘yicha super og‘ir vaznda “Tokio-2020” Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, Jahon, Osiyo va bir necha bor O‘zbekiston chempioni, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi Bahodir Jalolov, taniqli sportchilar, Milliy gvardiya bo‘yicha Jizzax viloyat boshqarmasi vakillari hamda Jizzax shahridagi 29-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va jizzaxlik yoshlar ishtirok etdi.
Bahodir Jalolov ishtirokchilarga o‘z avtobiografiyasini oddiygina va samimiy tarzda so‘zlab berdi.
Shuningdek, jahon sport arenalarida o‘zbek pahlavoni nomini olgan o‘zbek bokschisi, Tokioda o‘tgan XXXII Yozgi olimpiada o‘yinlari tafsilotlari, olimpiadadan so‘ng joriy yilning 13-avgust kuni Prezidentimizning olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan sportchi va ularning murabbiylar hamda ota-onalari bilan uchrashuvidan olgan taassurotlari xususida ham to‘lqinlanib so‘zlab berdi.
– Prezidentimiz bilan o‘tgan avvalgi uchrashuvda, men Tokio olimpiadasida chempion bo‘lib, albatta oltin medalni olib kelaman va mamlakatimizning 30 yilligiga tuhfa qilaman deb va’da bergan edim, – deydi Bahodir Jalolov. – Mening bu g‘alabam zamirida bizning yurtimizda yoshlarga va sportga hukumat miqyosida qaratilayotgan e’tibor, O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan siz va bizga Yurtboshimizning ko‘rsatayotgan otalarcha g‘amxo‘rligi mujassam.
Men ko‘p mamlakatlarda bo‘ldim. Ishoning, bizning mamlakatimizdagichalik hech bir davlatda yoshlarga, ayniqsa yosh sportchilarga bunaqangi e’tibor yo‘q. Har birimizdan bu imkoniyat va e’tibordan unumli foydalanish talab etiladi. Sizlarning orangizdan ham qaysi sohada bo‘lmasin mashhur insonlar, Vatanimizni dunyoga tanitadigan sportchilar chiqishiga ishonaman.
Tadbir ochiq muloqot va qiziqarli savol javoblarga boy bo‘ldi. Yoshlar tomonidan berilgan barcha savollarga Bahodir samimiy va xushchaqchaqlik bilan javob qaytardi.
Ushbu uchrashuv chog‘ida leytenant Bahodir Jalolovga muddatidan oldin kapitan harbiy unvoni berilgani to‘g‘risidagi Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘i o‘qib eshittirilganida barcha tadbir ishtirokchilari, ayniqsa sport va harbiylikka havas qilgan, qiziqqan yoshlar qalbida Bahodirdek o‘zbek pahlavonini yurtdoshi ekani faxri va u bilan yuzma-yuz uchrashib turish baxtiga muyassar bo‘lagani to‘lqinlantirib yubordi.
Olimpiada chempioni bilan o‘tgan uchrashuv jizzaxlik yoshlarga va 29-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga katta motivatsiya va so‘nmas shijoat bag‘ishladi va tadbir barchada katta taassurot qoldirdi.
Manba: O'zA