O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
To‘qimachilik sanoati mahsulotlari eksport hajmi va geografiyasi kengaymoqda
2021-09-14 | Jamiyat
O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati mahsulot ishlab chiqarish, investitsiyalar jalb qilish, yangi korxona va ish o‘rinlarini tashkil etish, ayollar va yoshlarni ish bilan ta’minlashda yetakchi hisoblanadi.
Eksport qiluvchi korxonalarga berilayotgan imtiyozlar natijasida bugungi kunga kelib to‘qimachilik sanoati tarmog‘i mahsulot eksport qilishda ham yetakchi o‘rinni egallamoqda.
“O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili pandemiya bo‘lishiga qaramay ixtisoslashgan korxonalar tomonidan chet elga 1,9 milliard dollarlik mahsulot eksport qilindi. E’tiborli jihati, joriy yilning 8 oyida 1 913,7 million dollarga teng to‘qimachilik mahsulotlari eksporti amalga oshirilib, 2020 yildagi eksport ko‘rsatkichi joriy yil 8 oyida uddalandi. Bu ko‘rsatkich mamlakat umumiy eksport hajmidan 26 foizini tashkil qilmoqda. Yil yakuniga qadar 3,05 milliard dollarlik mahsulot eksport qilinishi kutilmoqda.
2021 yil Yevropa Ittifoqi komissiyasining bir tomonlama qaroriga binoan aprel oyidan boshlab O‘zbekiston uchun GSP+ imtiyozlar tizimi kuchga kirdi. Bu qaror Yevropa bozoriga eshiklarni ochib, to‘qimachilik mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish, shuningdek, xalqaro brendlar va chakana sotuvchilarning O‘zbekistondagi to‘qimachilik korxonalari bilan hamkorlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish imkonini berdi.
Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida dunyoning 62 davlatiga to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilindi. Ayni paytda Rossiya o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarining yetakchi iste’molchisi hisoblanadi. Uning eksportdagi ulushi 32,4 foiz (619,1 million dollar)ni tashkil etmoqda.
Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda mos ravishda Xitoy – 23,8 foiz (455,5 million dollar) va Turkiya – 13,6 foiz (259,6 million dollar) egallab turibdi. Qirg‘izistonga eksport yildan-yilga oshib bormoqda va hozirgi kunga kelib 13,2 foiz (251,6 million dollar)ni tashkil etmoqda.
Ushbu davlatlarning ulushi jami eksportda 83 foizga (1,6 milliard dollar) to‘g‘ri keldi. Eksport qiluvchi korxonalarni rag‘batlantirish yangi korxonalarni eksportga jalb etishga yordam bermoqda. Masalan, 2020 yilda 977 korxona mahsulot eksporti bilan shug‘ullangan bo‘lsa, 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich 1 ming 196 taga yetdi.
Manba: O'zA