O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ruminiyada o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti kubogi uchun xalqaro turnir o‘tkazildi
2021-09-14 | Sport
O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati Ruminiyada o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti kubogi uchun xalqaro turnir o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining «Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan musobaqada Yevropa qit’asining qator davlatlaridan polvonlar g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashdi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Ruminiya va O‘zbekiston kurash federatsiyalari hamkorligida o‘tkazilgan turnir sport ixlosmandlari tomonidan iliq kutib olindi. O‘z navbatida, mazkur musobaqa milliy sportdan xalqaro sport turiga aylangan o‘zbek kurashini Yevropa mamlakatlari yoshlari o‘rtasida ommalashtirish, kurash mavqei va obro‘sini yanada oshirishga xizmat qildi. Musobaqa doirasida kurashchilar va hakamlar uchun milliy kurash qoidalariga kiritilgan so‘nggi yangiliklar bo‘yicha o‘quv seminari ham tashkil etildi.
O‘zbekiston vakillari Ruminiya sport mutasaddilari bilan o‘tkazgan uchrashuvlarda ushbu mamlakatda o‘zbek milliy kurashini yanada omalashtirish, milliy turnir va chespionatlarni muntazam o‘tkazish, jahon va Yevropa birinchiliklarini tashkil etishda hamkorlik qilish, kurash to‘garaklari sonini ko‘paytirish, murabbiylar malakasini oshirishga kelishib oldi. Murosasiz kurashlar ostida o‘tgan turnir g‘olib va sovrindorlariga mukofotlar topshirildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi