O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga a'zo davlatlar iqtisodiyot vazirlari va kuzatuvchilari uchrashuvida ishtirok etdi
Boku (Ozarbayjon) shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga a'zo davlatlar iqtisodiyot (savdo) vazirlari va kuzatuvchilarining 10-yig‘ilishi doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Vazirlar yig‘ilishiga Turkiy Kengash Bosh kotibi Bagdad Amreev va Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov raislik qildi. Yig‘ilish tadbirlarida Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Vengriya va Turkiya vazirlari ham ishtirok etdi. O‘zbekiston delegatsiyasiga investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.Voitov rahbarlik qildi.
TTDHKga a'zo davlatlar va kuzatuvchilar iqtisodiyot vazirlari (savdo)ning 10-yig‘ilishi, Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Ishchi guruhining 12-yig‘ilishi va biznes-forumdan tashkil topgan tadbirlar dasturi doirasida Kengashga a'zo davlatlar o‘rtasida iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari, koronavirus pandemiyasi sababli ro‘y bergan inqirozning iqtisodiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan qo‘shma amaliy chora-tadbirlar bajarilishini muvofiqlashtirish masalasi muhokama qilindi.
Til, tarixiy va madaniy aloqalar bir xilligi asosida tashkil topgan Turkiy kengash mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning samarali mexanizmiga aylanib borayotgani ta'kidlandi.
O‘zbekiston hukumati Kengashga a'zo mamlakatlar bilan iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berayotgani ma'lum qilindi.
Ma'lumot uchun: so‘nggi uch yil mobaynida koronavirus pandemiyasiga qaramasdan Kengashga a'zo mamlakatlar o‘rtasidagi savdo hajmi ikki barobar oshdi hamda 2020 yilda 6,7 milliard dollarga va joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra 4,7 mlrd dollarni tashkil etdi.
Yaqin yillarda savdo aloqalarini rivojlantirish va O‘zbekistonning TTDHK tasarrufidagi hamkor davlatlar bilan savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish borasida ulkan ishga solinmagan salohiyat mavjudligi alohida ta'kidlandi.
Shu nuqtai nazardan normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish hamda tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, Turkiy kengash Investitsiya jamg‘armasi va Taraqqiyot bankini tashkil etish bo‘yicha tashabbuslarni hayotga tatbiq etishni jadallashtirish dolzarbligi masalasi ko‘rib chiqildi. Bu TTDHK doirasida muloqotdan amaliy investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikka o‘tishda muhim qadam bo‘lishi ta'kidlandi.
Shuningdek, mintaqaning transport va tranzit salohiyatini oshirish hamda Markaziy Osiyo orqali yirik jahon bozorlariga, jumladan, Xitoy, Hindiston, Pokiston va boshqa Osiyo mamlakatlariga, shuningdek, Ozarbayjon va Turkiya orqali Yevropa mamlakatlariga yetkazib berishni ta'minlash mexanizmlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida birlashmaga a'zo mamlakatlarda erkin iqtisodiy va maxsus zonalarni rivojlantirishni jadallashtirishga qaratilgan “A'zo davlatlarning turli iqtisodiy zonalari o‘rtasida ma'lumot va tajriba almashish to‘g‘risida”gi Memorandum imzolandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi