O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi biznes-forumi
2021-09-11 | Iqtisodiyot
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining videokonferensaloqa formatida biznes forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, shuningdek, Boku shahrida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.Voitov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham qatnashdi.
Biznes-forumda Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri M.Jabborov Ozarbayjon davlati Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi mamlakatlari bilan do‘stlik aloqalari va ko‘p qirrali hamkorlikni yuksak qadrlashini ta’kidladi.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi B.Amreyev ushbu kengash o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashuvchi mintaqaviy tuzilma ekani, birinchi navbatda, savdo, innovatsiya, transport, turizm, madaniy-gumanitar almashinuv yo‘nalishlar kabi dolzarb sohalarda samarali salohiyatga ega ekanligini qayd etdi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov ta’kidlaganidek, O‘zbekiston va Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi mamlakatlari tarixiy jihatdan nafaqat madaniy, lingvistik, ma’naviy hamjamiyat, balki an’anaviy do‘stlik va o‘zaro manfaatli munosabatlar bilan bog‘liqdir.
– Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi – zamonaviy turkiy davlatlarni birlashtiruvchi xalqaro tashkilot bo‘lib, uning asosiy maqsadi a’zo davlatlar o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdir, – dedi Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Farizshox Usmanov. – Kengash 2009-yil 3-oktabrda tashkil etilgan. Turkiy davlatlar Savdo-sanoat palatalari, birinchi navbatda, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoit yaratish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishda o‘zini ishbilarmonlik bilan o‘zaro munosabatlarning muvofiqlashtiruvchi mexanizmi sifatida namoyon etdi. Samarali hamkorlik natijalari sifatida tashkil etilayotgan qo‘shma tadbirlarni ko‘rishimiz mumkin bo‘lib, ular o‘z navbatida, iqtisodiyotning turli sohalarida ishtirok etuvchi mamlakatlarning biznesini rivojlantirishda asosiy platforma bo‘lib xizmat qiladi. O‘nlab kelishuv va imzolangan shartnomalar, muntazam uchrashuvlar va tadbirlar buning yaqqol tasdig‘idir.
Biznes-forum yakunida “B2B” formatida ham uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchi mamlakatlar ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Nasiba ZIYODULLAEVA
Manba: O'zA