O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Tatariston Prezidenti O‘zbekiston delegatsiyasini qabul qildi

2021-09-10 | Turizm

9-sentabr kuni Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixanov Qozon shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari - Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovni qabul qildi.

Unda Tatariston tomondan Respublika Bosh vazir o‘rinbosari Marat Zyabbarov, Davlat turizm qo‘mitasi raisi Sergey Ivanov, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Qozon shahridagi vakili Radik Vaxitov, Sport vazirining birinchi o‘rinbosari Xalil Shayxutdinov va savdo-sanoat vaziri o‘rinbosari Geman Lerner, O‘zbekiston tomondan – mamlakatimizning Tataristondagi Bosh konsuli Farid Nasriyev, Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov va Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Jamshid Babadjanov ishtirok etdi.

Tatariston Prezidenti yuqori darajali barcha tashriflar, hukumatlararo va idoralararo doimiy uchrashuvlar O‘zbekiston hamda Tatariston o‘rtasidagi samarali va barqaror hamkorlikning yorqin dalili ekanini taʼkidlab, O‘zbekiston delegatsiyasining Qozon shahriga tashrifi buni yana bir bor tasdiqlashini qo‘shimcha qildi.

Rustam Minnixanov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Tatariston Respublikasi  bilan hamkorlikka bo‘lgan eʼtibor va qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorchilik bildirdi.

“Bizning o‘zaro aloqalarimiz va qo‘shma loyihalarimiz O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga yo‘naltirilgan. Ikki mamlakat prezidentlari tomonlararo munosabatlarni yana-da rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratishda davom etish muhim deb hisoblaydilar”, - dedi Tatariston Respublikasi Prezidenti.

Shu bilan birga, Rustam Minnixanov joriy yilning iyul oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi hamda O‘zbekiston Prezidenti bilan uchrashuvini iliqlik bilan yodga oldi.

Tatariston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar mahalliy aholi hamda xorijiy sayyohlarga yaqqol sezilayotganini alohida qayd etdi.

Aziz Abduhakimov, o‘z o‘rnida, O‘zbekiston-Tatariston o‘rtasida ko‘p tomonlama, xususan turizm, madaniy meros va sport sohalarida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish haqida so‘z yuritdi va bunda xalqaro tadbirlarning o‘rni nihoyatda muhim ekanini taʼkidladi.

Qabul doirasida Rustam Minnixanov o‘zbekistonliklarni kelgusida Tataristonda o‘tkazilishi kutilayotgan sport tadbirlarida ishtirok etishga chaqirdi.

“Biz yirik sport tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha katta tajribaga egamiz. Yaqin yillarda Tataristonda qator yirik xalqaro sport tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ularda o‘zbekistonlik ishtirokchilarni ko‘rishdan juda xursand bo‘lamiz”, - dedi Tatariston Respublikasi Prezidenti.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi

Поделиться