O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi direktori tayinlandi
2021-09-10 | Jamiyat
Rasulova Muqaddam Mansurjonovna — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzurida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi direktori etib tayinlandi.
Ushbu tayinlov munosabati o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari B.Musayev, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari G.Marufova, vazirlik mas’ul xodimlari, Toshkent shahridagi qator tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosarlari, fuqarolar yig‘ini raislari ishtirok etishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari B.Musayev ta’kidlab o‘tganidek, ish faoliyati davomida ko‘plab davlat va jamaot tashkilotlarida samarali mehnat qilib kelgan M.Rasulova o‘z kasbiy hayot yo‘lida katta tajribaga ega bo‘ldi. Xususan, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni qiynab kelgan mavjud muammolarni bartaraf etishda jonbozlik ko‘rsatdi.
Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish doirasidagi bir necha yillik faoliyati davomida hayot yo‘lida turli to‘siqlarga uchragan xotin-qizlarga davlat va jamoatchilik yordamini ko‘rsatishda ko‘plab tashabbus ko‘rsatdi. Sohani rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishdi.
Tayinlov marosimida so‘z olganlar Davlatimiz rahbari tomonidan so‘nggi yillarda tizimdagi mavjud muammolarni bartaraf etish va soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash, yurtimizdagi oilasi va atrofdagi boshqa shaxslardan turli ko‘rinishda jabr ko‘rgan insonlarga yordam ko‘rsatish hamda ularni hayotga ruhlantirish bo‘yicha ko‘plab amaliy ishlar olib borilganligini ta’kidlab o‘tishdi.
Tadbirda Markazlar faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha davlatimiz tomonidan barcha zarur choralar doimiy olib borilishi qayd etib o‘tildi. Shuningdek, yangi tashkil etilgan Markazlar faoliyati to‘g‘risida yig‘ilganlarga atroflicha ma’lumot berildi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 19-maydagi PQ-5116-son Qaroriga asosan, Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi negizida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzurida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi va uning hududiy bo‘limlari tashkil etildi.
Markazlarning asosiy vazifalari tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatish, og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan oilaviy muammolar va turmushida zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan xotin-qizlar huquqlarining kafolatlarini ta’minlashga ko‘maklashish va boshqa ko‘plab maqsadlarni o‘z ichiga oladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi