Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari L.Kudratov Gresiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Yekaterina Nassika bilan uchrashdi.
Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada faollashtirish va kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Gresiya korxonalarining ishlab chiqarish salohiyatini hisobga olgan holda o‘zaro savdo hajmini oshirish va uning nomenklaturasini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Gresiya ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga, jumladan, kichik va o‘rta biznes vakillarini iqtisodiy hamkorlik jarayonlariga keng jalb etishga bo‘lgan o‘zaro qiziqishlarini tasdiqladi.
Gresiya tomoni ushbu mamlakat yirik kompaniyalarining O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishda, jumladan, energetika sohasi loyihalarida ishtirok etishga qiziqayotgani haqida ma'lumot berdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar yaqin vaqt ichida iqtisodiy va texnik hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Gresiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi uchinchi yig‘ilishini Toshkentda o‘tkazishga, shuningdek, uning doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum tashkil etishga kelishib oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi