Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy kichik qo‘mitasining Yettinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida videokonferensiya shaklida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy Kichik qo‘mitasining Yettinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.Voitov, ITSV hamda tegishli vazirlik va idoralar mas'ul xodimlari, Xitoy tomonidan esa Xitoy Xalq Respublikasi tijorat vazirining o‘rinbosari Yu.Szyanxua, XXR tarmoq vazirliklari, idoralar va moliyaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Kichik qo‘mita O‘zbekiston-Xitoy Hukumatlararo hamkorlik Qo‘mitasining bo‘lajak anjumaniga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida asosiy mexanizm vazifasini bajarayotgani alohida ta'kidlandi.
Tomonlar ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida investisiyaviy hamkorlikni mustahkamlash va savdo qilish nuqtai nazaridan bog‘liqligini rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilishini ta'kidladilar.
Tadbirda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holati, o‘zaro savdoni rivojlantirishning dolzarb masalalari, xususan, O‘zbekiston delegatsiyasining “China International Import Expo” ko‘rgazmasida ishtirok etishi, O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishiga ko‘maklashish, transport orqali yetkazib berish va logistikani rivojlantirish istiqbollari, jumladan, Xitoyga blok-etkazib berish shaklida o‘zbek mahsulotlarini eksport qilish amaliyotini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar ikki mamlakat hududlari o‘rtasida investisiyaviy, texnik-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va aloqalarni chuqurlashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Bundan tashqari, ishtirokchilar O‘zbekiston-Xitoy Hukumatlararo hamkorlik Qo‘mitasi yig‘ilishida imzolash uchun taqdim etilgan hujjatlarni, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni 5 yillik rivojlanish dasturini o‘rganib chiqdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston-Xitoy Hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasining bo‘lajak yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida savdo-iqtisodiy va investisiyaviy sheriklikning dolzarb masalalari ustida ish olib borishni davom ettirishga kelishib oldilar.
Ma'lumot uchun: joriy yilning birinchi yarmida Davlat va hududiy investisiya dasturlari doirasida o‘zlashtirilgan Xitoy investitsiyalari hajmi 2020-yilning shu davriga nisbatan 25% o‘sib, 1 milliard dollardan oshdi.
2021-yilning yanvar – iyul oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 21,6 mlrd dollarni tashkil etdi, unda Xitoy 4 mlrd dollarlik ulushi bilan (umumiy hajmning 18,7%) birinchi o‘rinni egallaydi. 2020 yilning tegishli davriga nisbatan, Xitoy bilan savdo aylanmasi 16,9% yoki 581,2 million dollarga oshdi.
Shu bilan birga, Xitoy O‘zbekistonning eng yirik eksport bozoridir. Joriy yilning yanvar – iyul oylarida Xitoyga tovar va xizmatlar eksporti 2020-yilning shu davriga nisbatan 287,6 mln dollarga (+28,6%) o‘sdi va O‘zbekiston umumiy eksport hajmining 1,3 mlrd yoki 15,9%ni tashkil etdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi