O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Oksford islom tadqiqotlari markazi bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda
2021-09-08 | Siyosat
Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev boshchiligidagi delegatsiyaning Buyuk Britaniyaga tashrifi doirasida yirik islomshunos olim, Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farxan Nizomiy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Farxan Nizomiy O‘zbekistonda hayotga tadbiq etilayotgan keng qamrovli ijtimoiy-siyosiy islohotlarga yuqori baho berdi. O‘zbekiston rahbariyatining mamlakatimiz boy madaniy-maʼnaviy merosini o‘rganish va ilgari surish borasidagi saʼy-harakatlari alohida qayd etildi.
Olimning aytishicha, yaqinda Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig‘ilishi Toshkentda katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazilgani O‘zbekistonning dunyo miqyosidagi obro‘-eʼtibori yuksalib borayotganidan dalolat beradi.
Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori maʼrifiy islom g‘oyalarini targ‘ib etish masalalari bo‘yicha hamkorlikni yana-da kengaytirish, O‘zbekistondagi tadqiqot markazlari bilan amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan ilmiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish yuzasidan manfaatdorlik bildirdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi