O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“COVID-19. Vaksinatsiya – erishilgan yutuqlar, istiqboldagi reja va maqsadlar» mavzusidagi ilmiy-amaliy xalqaro konferensiya oʻtkazildi
2021-09-08 | Innovatsiya
2021-yilning 7-sentyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida davlat idoralari va tashkilotlari vakillari, tibbiyot muassasalari rahbarlari va xodimlari, xalqaro mutaxassislar hamda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotlari ekspertlari ishtirokida “COVID-19. Vaksinatsiya – erishilgan yutuqlar, istiqboldagi reja va maqsadlar» mavzusidagi ilmiy-amaliy xalqaro konferensiya oʻtkazildi. Konferensiya oflayn va onlayn shaklda oʻtkazildi.
Konferensiyani Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Behzod Musayev hamda Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov ochib berdilar.
– Bugungi ilmiy-amaliy konferensiya butun dunyo mamlakatlarida dolzarb boʻlgan masala, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashdagi eng samarali vosita – vaksinatsiya jarayonlariga bagʻishlanadi, – dedi bosh vazir oʻrinbosari B. Musayev. – Xalq salomatligini saqlashda vaksinatsiyadan koʻra samaraliroq usul hali oʻylab topilmadi. Millionlab odamlarning hayotini saqlab qolish, kasallikdan keyingi asoratlar kelib chiqishini oldini olish maqsadida aholini ommaviy emlash ishlari Oʻzbekistonda ham keng koʻlamda amalga oshirilmoqda. Bugungi konferensiya tibbiyot sohasidagi oʻz ishining ustalarini oʻz atrofiga yigʻdi. Aynan shunday ilmiy-amaliy konferensiyalar tufayli mutaxassislarning malakasi va aholining vaksinatsiya boʻyicha xabardorligi oshadi.
Konferensiya ikki sessiyadan iborat boʻlib, ularda taniqli olimlar koronavirusga qarshi vaksinalarning xususiyatlari, ularning turli shtammlarga qarshi samaradorligi haqida oʻz fikrlarini bildirdilar. Xususan, Xitoy-Oʻzbekiston hamkorligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining III-faza sinovlari natijalari haqida batafsil maʼlumot berildi. Har bir sessiyadan soʻng panel muhokamalari tashkil etilib, vaksinatsiyaga doir koʻplab savollarga javob berildi.
Shuningdek, tadbirda koronavirusga qarshi vaksinalarga bagʻishlangan yangi sayt – vaccination.uz axborot resursi ishga tushirilgani eʼlon qilindi. Mazkur saytda yurtimizda yaratilgan va yaratilayotgan vaksinalar haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlish mumkin. Bundan tashqari tadbirda ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini ishlab chiqarish jarayoni aks etgan videorolik mutaxassislar eʼtiboriga havola etildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi