O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston va Bangladesh ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishning yangi bosqichi

2021-09-07 | Iqtisodiyot

Bangladesh hukumat va ishbilarmon doiralari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Toshkentda O‘zbekiston-Bangladesh biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov, Bangladesh Xalq Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi Salmon Fazlur Rahmon, ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari rahbarlari, shuningdek, ikki davlat vazirliklari, idoralari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdilar.
 
O‘zbekiston va Bangladesh tadbirkorlari o‘rtasida munosabatlarni yo‘lga qo‘yish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish mexanizmlari forumning asosiy mavzularini tashkil etdi.
 
Delegatsiyalar rahbarlari o‘z chiqishlarida qishloq xo‘jaligi sohasi, to‘qimachilik, charm-poyabzal, farmasevtika tarmog‘i, shuningdek, ta'lim va turizm sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini qayd etdilar. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi. Jumladan, tomonlar ushbu yo‘nalishda birgalikda ishlash uchun alohida “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olgani ma'lum qilindi.
 
O‘zbekistonning vazirlik, idora va sanoat birlashmalari rahbarlari taqdimotlar orqali har bir yo‘nalishdagi investitsiyaviy va sanoat salohiyatini atroflicha ochib berdilar. Bangladesh ishlab chiqaruvchilarining ilg‘or tajriba va texnologiyalarini joriy etgan holda yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
 
Tomonlar o‘zaro savdo rivojlanishining ijobiy dinamikasini qayd etdilar. Jumladan, 2020 yilning yakuniga kelib, ikki tomonlama savdo hajmi o‘tgan yildagisiga nisbatan 13,5 foizga oshdi. Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aloqalarini faollashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ko‘rishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
 
Tadbir doirasida ishtirokchilar O‘zbekistonda biznes yuritish imkoniyatlari bilan to‘liq tanishish, hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish, kelgusida hamkorlikda ishlash uchun yangi biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniga ham ega bo‘ldilar.
 
Forum yakunida ikki delegatsiya rahbarlari tadbirkor va ishbilarmonlarni o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va istiqbolli loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga chaqirdi.
 
B2B doirasida O‘zbekiston IT, to‘qimachilik va farmasevtika sanoatlarida bir qator qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Ko‘rib chiqilgan loyihalar bo‘yicha muzokaralarning yakunlanishi va ularni amalga oshirishning boshlanishi joriy yil oxirigacha kutilmoqda.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться