O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
AKT sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar kelajak taraqqiyoti uchun muhim
2021-09-07 | Texnologiyalar
So‘nggi yillarda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining rivojlanishi hayotimizning ko‘p sohalariga ta’sir ko‘rsatdi.
Barcha sohalarda raqamlashtirishning kirib kelishi, yuqori sur’atdagi taraqqiyot butun sanoatning rivojlanishida, ayniqsa, uzoq muddatli istiqbolimiz uchun katta rol o‘ynaydi.
Ta’kidlash lozimki, dunyo mamlakatlari tajribasida ilmiy tadqiqotlar, IT texnologiyalar, startap g‘oyalar, kompyuter savodxonligiga juda katta e’tibor beriladi. Faqatgina ilm-fan yutuqlari va yangi texnologiyalar orqali yuqori iqtisodiy o‘sishga erishishimiz mumkin.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, so‘nggi yillarda bu borada erishilgan natijalar xususida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov bilan suhbatlashdik.
– Dastlab o‘tgan besh yil davomida sohadagi o‘zgarishlar, islohotlar, erishilgan natijalarga e’tibor qaratsak.
O‘tgan asrda olamshumul kashfiyotlar ko‘p jihatdan insonning intellektual salohiyatiga asoslanib amalga oshirilgan bo‘lsa, bugungi davrda ilm-fan zamonaviy AKT yordamida shakllanmoqda. bugungi kunda rivojlangan mamlakatlar qatoridan o‘rin egallab kelayotgan davlatimiz barcha sohalarda yuksak yutuqlarga erishmoqda, bu muvaffaqiyatlarga esa axborot texnologiyalari va telekommunikatsiya tizimlarining jo‘shqin rivojlanishi asos bo‘lmoqda.
O‘tgan davrdan 2021 yilgacha bo‘lgan AKT sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli yangilanish va islohotlar, ularning natijalari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, aholiga axborot-kommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish hajmi 2016 yilda 5,2 trillion so‘mni tashkil etgan. 2016-2021 yillarda axborot-kommunikatsiya sohasini yanada rivojlantirish borasida olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, davlat boshqaruv organlari, iqtisodiyot tarmoqlari va aholining IT-xizmatlarga bo‘lgan talabini qondirish, IT-tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmini kengaytirish, narxlarni kamaytirish va sifatni yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida xizmatlar hajmi 2020 yilda 12,9 trillion so‘mga yetkazildi.
Ayonki, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi islohotlarni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yish, keyingi yillarda telekommunikatsiya tizimlari va axborot texnologiyalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan qator ishlar amalga oshirilib, soha ravnaqi ta’minlanmoqda.
Birgina telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Xalqaro internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik qobiliyati 1 200 Gbit/s.ga yetkazildi. Xalqaro internet kanali narxlari 2016 yilda 295 ming 30 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilning oxiriga kelib, 45 ming 11 so‘mga arzonlashganini ko‘rishimiz mumkin.
Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasiga ko‘ra, 2021 yil 1 maydan ushbu narx 32 ming so‘m miqdorida belgilandi va ushbu narx yana 30 foizga pasaydi. Bu bilan respublikada internet tezligini oshirishga, operator va provayderlarga Internet xizmatlari uchun tarifning 2020 yil boshiga nisbatan 25 foiz arzonlashtirilishiga erishildi.
Joriy yil davomida qo‘shimcha 24 ming km. optik-tolali aloqa liniyalarini qurish hisobiga ijtimoiy soha ob’ektlari, shu jumladan, 9 848 ta xalq ta’limi ob’ekti, 5 ming 625 ta maktabgacha ta’lim ob’ekti, 3 ming 401 ta sog‘liqni saqlash muassasasi, 7 ming 656 ta mahalla fuqarolar yig‘ini va 3 ming 567 ta militsiya tayanch punktini yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulash imkoniyati yaratildi.
Shu bilan birga, qo‘shimcha 200 mingta keng polosali portlar o‘rnatilishi natijasida 2,9 million uy xo‘jaligi, tadbirkorlik sub’ektlari va ijtimoiy soha ob’ektlarining keng polosali Internetga ulanish imkoniyati yaratildi. Mobil internet tezligi 1,5 barobar oshirildi va 5 ming 744 ta qo‘shimcha tayanch stansiyasi o‘rnatilib, respublika bo‘yicha mobil aloqa qamrovi darajasi 98 foizga, ya’ni mobil aloqa abonentlari soni 27 million, keng polosali mobil internet qamrovi 91 foizga, ya’ni keng polosali mobil internet foydalanuvchilari esa 23,1 millionga yetkazildi.
Telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish borasida joriy yil yakuniga qadar 50 ming km. optik-tolali aloqa liniyalarini qurish va ularning uzunligini 118,6 ming km.ga yetkazish, aholini yuqori tezlikdagi simli internet bilan ta’minlash maqsadida 900 ming abonentga mo‘ljallangan zamonaviy qurilmalar o‘rnatish, qo‘shimcha tayanch stansiyalarini o‘rnatish orqali aholi punktlarining mobil internet bilan qamrov darajasini 95 foizgacha yetkazish, shu jumladan, 72 ta aloqa qamrovi mavjud bo‘lmagan aholi punktlarini mobil aloqa bilan qamrab olish ko‘zda tutilgan.
– So‘nggi yillarda xalq bilan muloqot yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu borada vazirlik qanday ijobiy natijalarga erishdi?
– Elektron hukumatni takomillashtirish raqamlashtirish jarayonlarining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Davlat organlari va aholi o‘rtasida interaktiv muloqotning samarali mexanizmi barpo etilishi nafaqat fuqarolarimizning vaqt va mablag‘larini tejashga, shu bilan birga davlat organlarining faoliyatini tubdan yahshilashga zamin yaratadi, ochiqlik va oshkoralikni ta’minlaydi. Mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlari hamda sohalarida zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini, “elektron hukumat” tizimi hamda axborot tizimlarini jadal tatbiq etish, telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun sharoit yaratadi.
2019 yilda yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan 173 ta xizmat ishga tushirilgan bo‘lsa, bu raqam 2020 yilda 218 taga yetkazildi. 2021 yil yakuniga qadar esa ularning sonini 278 taga yetkazish ustida ish olib borilmoqda. bugungi kunga kelib, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 257 ta elektron xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori asosida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 2018 yilda 2,4 million, 2019 yilda 5,8 million, 2020 yilda esa 9,8 milliondan ziyod xizmat ko‘rsatilgan.
Ta’kidlash lozimki, joriy yil yakuniga qadar Yagona portaldagi elektron xizmatlar sonini 300 taga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, internet foydalanuvchilari asosan mobil qurilmalardan foydalanishini inobatga olib, Yagona portalning mobil ilovasi ishlab chiqilib, undagi xizmatlar soni yil yakuniga qadar 100 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Pochta bo‘linmalari orqali davlat xizmatlarini taqdim etish maqsadida Yagona portalning alohida moduli ishlab chiqildi. bugungi kunda 500 dan ortiq pochta bo‘linmalarida 33 turdagi davlat xizmatlari taqdim etilmoqda. bugungi kunga kelib Yagona portalda 28 turdagi yangi xizmatlar ya’ni Koronavirusga emlash uchun ro‘yxatga yozilish va elektron tarzda sertifikat olish, Avtotransport sug‘urtasi haqiqiyligini tekshirish, haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun elektron ariza topshirish kabi xizmatlar joriy etilgan.
Joriy yilning birinchi yarmida Yagona portal orqali 2,3 milliondan ortiq xizmatlar ko‘rsatilishi natijasida aholining 18 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lari iqtisod qilinishiga erishildi, shu jumladan 1 iyundan boshlab 18 turdagi ma’lumotnoma va hujjatlarni elektron hamkorlik orqali olish yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yil yakuniga qadar Axborot texnologiyalari vazirligi va “O‘zbekiston pochtasi” AJ pochta bo‘linmalari orqali ko‘rsatiladigan elektron davlat xizmatlari sonini 60 taga yetkazish (hozirda 33 ta), ijtimoy himoya bo‘yicha nafaqa tayinlash, saylov uchastkasini aniqlash yoki o‘zgartirish, haydovchilik bo‘yicha imtihon topshirishga ariza yuborish, pedagog xodimlarga malaka toifasi sertifikatini berish va boshqa xizmatlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, 1 oktyabrdan boshlab tadbirkorlik sub’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi, davlat boji va boshqa to‘lovlar to‘langanligi, oliy ma’lumot hamda fuqaroning ish haqini tasdiqlovchi 15 turdagi ma’lumotnomalarni mas’ul davlat organlari va tashkilotlardan mustaqil ravishda “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali olinishi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Yagona identifikatsiya tizimi (id.gov.uz), Elektron hukumatning axborot tizimlari va resurslari yagona reyestri, Elektron hukumatning ma’lumotlar va klassifikatorlar registri, Yagona idoralararo ijro intizomi tizimi (ijro.gov.uz), Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (project.gov.uz), Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi (elections.gov.uz), Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish virtual qabulxonasi portali (business.gov.uz), Internet tarmog‘ida aholi dolzarb deb hisoblagan tashabbuslarni bildirish uchun (Mening fikrim) veb-portali yaratildi.
Ta’kidlash kerak, har birimizning hayotimizga kirib, muhim o‘rin egallagan mobil aloqa xizmati foydalanuvchilarning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilishga xizmat ko‘rsatmoqda. Ayni paytda “Uzmobile”, “Ucell”, “UMS”, “Beeline”, “Perfectum mobile” kabi mobil aloqa operatorlari o‘z xizmatlarini taklif qilmoqda. Mobil aloqa operatorlari abonentlari soni 2016 yildan boshlab 21,2 million nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2020 yilning oxirida 25,9 millionga yetdi. Yangi aloqa kompaniyalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, mavjud texnik imkoniyatlarni modernizatsiya qilish orqali 2021 yilning oxirigacha abonentlar sonini 26,9 milliontaga yetkazish mo‘ljallangan.
Shu bilan birga, aholiga ko‘rsatilayotgan mobil aloqa xizmatini ta’minlab beruvchi tayanch stansiyalar soni 2016 yilda 17 ming 721 va amalga oshirilgan modernizatsiyalash, qurish ishlari natijasida 2020 yilda bu raqam 31 ming 740 taga yetkazilgan. 2021 yil yakuniga qadar esa tayanch stansiyalar sonini 33 ming 740 tagacha oshirish mo‘ljallangan. Ta’kidlab o‘tish joizki, 2016 yilda butun respublikaning 89 foizi mobil aloqa tarmog‘i bilan qamrab olingan bo‘lsa, 2021 yil yakunida bu ko‘rsatkich 99foizga yetkazish rejalashtirilgan.
– Pochta xizmati faoliyatida xizmatlar doirasini kengaytirish borasida olib borilayotgan ishlar xususida to‘xtalsangiz.
– Barcha ijtimoiy qatlamlarga pochta xizmatlarining keng tarqalganligi, qamrovliligi hamda uning xizmatlaridan barcha aholi foydalanishi mumkin bo‘lganligi sababli O‘zbekiston pochta xizmati faoliyati jamiyatimizda katta ijtimoiy ahamiyatga ega hisoblanadi. Oxirgi yillarda respublikamiz pochta aloqasi xizmati milliy operatori hisoblangan «O‘zbekiston pochtasi» AJning faoliyatida yangi, zamonaviy usullardan foydalanish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar doirasini kengaytirish hamda raqamlashtirishni faollashtirishga bog‘liq samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Xalqaro yozma xat-xabarlar o‘tgan yillar mobaynida 111,6 tonna kirib kelgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib, shu ko‘rsatkich 163,1 tonnani tashkil etadi, o‘sish 146 foizga teng. 2018 yil 3 apreldan boshlab tezkor pochta xizmatlari va shu yili 1 mayda kurerlik xizmatlari amalga kiritildi. 2020 yil dekabrdan olis va chekka hududlarda joylashgan 860 ta pochta aloqasi ob’ektlarida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanilgan holda 33 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi. Davriy matbuot nashrlariga onlayn obuna xizmati www.pochta.uz sayti orqali joriy etildi va unda 250 turdan ortiq davriy matbuot nashrlariga onlayn ravishda obuna uyushtirish imkoniyati yaratildi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini onlayn sotish va mijozlarga yetkazib berish, shuningdek, ularning tovarlarni eksport qilish imkoniyatini beruvchi “Unisavdo” Milliy onlayn savdo maydonchasi www.unisavdo.uz sayti orqali 2021 yil 1 fevraldan ishga tushirildi. “Gibrid pochta” xizmatini rivojlantirish va ish unumdorligini oshirish maqsadida 2 ta avtomat konvertlash uskunasi sinov tariqasida Toshkent shahrida joriy etildi. Mijozlar nomiga kelgan pochta jo‘natmalarini olishi uchun mo‘ljallangan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi avtomatlashtirilgan komplekslar (pochtamatlar)ni joriy etish yuzasidan 30 ta pochtamatlar Toshkent shahri va viloyatlar markazlarining aholi gavjum joylariga o‘rnatildi.
2021 yil 1 maydan “AVVAL” to‘lovlar va o‘tkazmalar kompleks avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirilib, pochta aloqasi ob’ektlarida to‘lovlarni onlayn rejim orqali qabul qilish yo‘lga qo‘yildi. 2021 yil iyuldan barcha pochta ob’ektlarida pochta jo‘natmalarini qabul qilish, saralash va onlayn kuzatish avtomatlashgan axborot tizimi tatbiq etildi. Pochta aloqa ob’ektlarida amaldagi pochta aloqasi an’anaviy xizmatlari, bank va moliyaviy, davlat va elektron tijorat xizmatlari bo‘yicha videokonferensaloqa tizimi orqali jami 2 894 nafar xodimning malakasi oshirildi.
– Keyingi yillarda IT-tadbirkorlar va yosh startapchilar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu borada kelajakdagi rejalar qanday?
– Hamma sohada bo‘lgani kabi bugungi kunda axborot texnologiyalari va kommunikatsiya sohasida ham ilm-fan yutug‘lari shiddat bilan kirib bormoqda. Bu esa, innovatsion loyihalarni joriy etish, dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parklar faoliyatini rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishga mos startap g‘oyalarni qo‘llab -quvvatlashga undaydi hamda globallashuv jarayonida raqobatbardoshlikni oshiradi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, texnika va kommunikatsiya asrida insonlarning dunyoqarashi, fikri kun sayin o‘zgarib bormoqda. bugungi kunda ularni hayratlantirish, turmush tarzini butkul o‘zgartirib yubora oladigan loyihalarni ishlab chiqish ham qiyinlashib bormoqda. Buning asosiy sabablaridan biri ularning zamonaviy axborot kommunikatsiyalaridan faol foydalanishi, dunyoda ro‘y berayotgan yangiliklar, voqea-hodisalardan tez xabardor bo‘lishidir. 2020 yilda IT sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 9 ming 517 taga yetkazildi va 2017 yilga nisbatan 1,7 barobarga oshirildi.
Axborot texnologiyalari sohasini va dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ushbu sohadagi startap-loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ichki va tashqi bozorlarda dasturiy va yuqori texnologiyali mahsulotlar va xizmatlarni targ‘ib qilishga ko‘maklashish maqsadida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-park) faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Respublika bo‘ylab IT-Parkning 5 ta hududiy filiali shuningdek, AQSHda IT-park vakolatxonasi tashkil qilindi.
Respublika bo‘ylab IT-xizmatlarni ko‘rsatadigan hamda IT-park rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat yuritayotgan IT-kompaniyalar soni 463 taga yetkazildi (2020 yilga nisbatan 130 foiz o‘sish), shuningdek, ularda 1 500 dan ortiq (2020 yilga nisbatan o‘sish 150 foiz) yangi ish o‘rni yaratildi.
2021 yildan boshlab IT-Park rezidentlari tomonidan amalga oshirishga ruxsat etilgan faoliyat turlari 4 dan 18 gacha kengaytirilgan. Xususan, bugungi kunga qadar robototexnika, ma’lumotlarni qayta ishlash hamda IT-autsorsing xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar huquqiga ega bo‘lishdi.
Shu bilan birga, bugungi kunga qadar IT-Parkning startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini muvafaqqiyatli yakunlagan 66 ta istiqbolli startap-loyiha jami 3,1 milliard so‘mdan ortiq miqdorda moliyalashtirildi.
– IT-mutaxassislarni tayyorlashda ta’lim tizimidagi islohotlar haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
– Ta’lim jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish orqali nafaqat avloddan avlodga, balki bir kishidan boshqasiga bilim, insoniyatning to‘plangan texnologik va ijtimoiy tajribasini uzatishni tezlash, insonning atrof muhitga, davom etayotgan ijtimoiy o‘zgarishlarga yanada muvaffaqiyatli va tez moslashishiga imkon berish hamda ta’lim tizimini isloh qilib jahon standartlariga mos ravishda shakllanishiga erishiladi.
2016 yilda AKT sohasida ta’lim berish va malaka oshirish bo‘yicha Vazirlik tizimida 7 ta oliy ta’lim muassasasi ham 6 ta akademik litsey faoliyat olib borgan. 2020 yildan boshlab AKT sohasida kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor berilishi natijasida vazirlik tizimida 8 ta oliy ta’lim muassasasi, 3 ta texnikum, 6 ta akademik litsey, 15 ta axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat olib bormoqda.
2020 yilda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning Nukus, Urganch, Qarshi, Samarqand, Nurafshon hamda Farg‘ona filiallari, Toshkent shahridagi Inxa universiteti, Toshkent shahridagi Amiti universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari texnikumi, Samarqand axborot texnologiyalari texnikumi, Yangiqo‘rg‘on axborot texnologiyalari texnikumi, 6 ta akademik litsey hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlariga ixtisoslashtirilgan maktablarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida uzluksiz kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu ta’lim muassasalarida 22 ming nafarga yaqin talaba, 1,9 ming nafarga yaqin o‘quvchi ta’lim olmoqda. 2021 yilning yakuniga kelib ular soni yanada oshib, 9 ta oliy ta’lim muassasasi, 14 ta texnikum, 6 ta akademik litsey, 100 ta axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Mamlakatda zamonaviy ta’lim tizimida turli xil texnologiyalardan foydalanish, ta’lim innovatsiyalari, ya’ni ta’lim sohasi yoki o‘quv jarayonida mavjud muammoni yangicha yondashuv asosida yechish maqsadida qo‘llanilib, avvalgidan ancha samarali natijani kafolatlay oladigan yangiliklarni joriy etish, o‘sib kelayotgan kelajak yoshlarga amaliy ko‘nikmalarini oshirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish doimiy e’tibordagi masalalardan biri hisoblanadi. Bu esa, talabalarga noan’anaviy axborot manbalaridan foydalanish imkoniyatini beribgina qolmay, mustaqil ish samaradorligini oshiradi, ijod qilish, turli xil kasb mahoratlarini egallashlari uchun mutlaqo yangi yo‘nalishlarni ochib beradi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning hududiy filiallari 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab zamonaviy ta’limning kredit tizimiga o‘tkazildi. Kredit tizimiga o‘tish orqali o‘quv rejalari jahon standartlariga moslashtirish uchun yangi fanlar bilan boyitildi, talabalarga fanlarni tanlash erkinligi berildi, professor-o‘qituvchilar va talabalarga akademik mobillik tizimini yo‘lga qo‘yish imkoniyati yaratildi. Texnikumlarning tashkil etilishi natijasida 2021-2022 o‘quv yilidan 3 ming nafardan ortiqroq o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash va bu raqamlarni keyingi yillarda mavjud talablarga qarab ko‘tarib borish hamda natijada kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni shu texnikumlar orqali bir necha yillarda qoplash nazarda tutilgan.
bugungi kunda respublika bo‘yicha 147 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazi foydalanishga topshirildi va joriy yil yakuniga qadar markazlar soni 205 tani tashkil etiladi.Buning natijasida 292 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratishga erishildi.Ushbu markazlarda kompyuter savodxonligi, dasturlash, robototexnika, veb va mobil ilovalar yaratish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha 40 ming nafardan ortiq tinglovchi malakasini oshirdi.Hududlar bo‘yicha raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida tahsil olganlar bo‘yicha Namangan, Jizzax va Xorazm viloyatlari yetakchilik qilib kelmoqda.
– “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida daqiqa sayin o‘ta jadal suratlarda rivojlanib borayotgan va jamiyat hayotining muhim bo‘g‘inlaridan biriga aylanishga ulgurgan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish, respublikada raqamli industriyani jadal rivojlantirish, milliy iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish, shuningdek, Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
So‘nggi yillarda raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat tizimini takomillashtirish bo‘yicha muhim ishlar bajarildi. Ularning mantiqiy uzviyligini ta’minlish maqsadida “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, ijrosi izchil ta’minlanyapti. Uchrayotgan kamchilik va muammolarni zudlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, mamlakatimizda AKT sohasi rivoji va ilg‘or texnologiyalarni faollashtirish, uni izchil yuksaltirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilib, aniq qadamlar qo‘yilmoqda. Bu esa, kelajakda O‘zbekistonning jahon bozoridagi hissasini ko‘paytirish va mamlakatning axborot texnologiyalari sohasida mavqeini mustahkamlash uchun xizmat qiladi.
Manba: O'zA