O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tokio-2020: Yozgi Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan matonatli sportchilar Toshkent xalqaro aeroportida munosib kutib olindi
2021-09-07 | Sport
Tokio shahrida XVI yozgi Paralimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Toshkent aeroportida Tokio Paralimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilgan matonatli sportchilar tantanali kutib olindi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston sport delegatsiyasi tushgan avtobuslar “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga yo‘l oldi. Yangi muhtasham maskanda sportchilarimizni tantanli kutib olishning asosiy tadbirlari tashkil etildi.
O‘zbekiston sportchilari XVI Paralimpiya o‘yinlarida 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza, jami 19 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Sport delegatsiyamizni kutib olish tadbirida O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov, O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov, Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar, paralimpiyachilarimizning ota-onalari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tantanali marosimda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov, Bosh vazir Abdulla Aripov, sportchilarning ota-onalari va boshqalar paralimpiyachilarimizning yuksak g‘alabasi xalqimizga cheksiz g‘urur-iftixor bag‘ishlagani, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizda sportni rivojlantirishga, xususan, jismoniy imkoniyati cheklangan atletlarga qaratayotgan eʼtibori samarasi ekanini alohida qayd etdi.
Tadbir ishtirokchilari davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning «2021-yilda Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasining ishtirokini taʼminlash hamda Olimpiya sport turlarini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori paralimpiyachilarimizning zamonaviy meʼyorlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi, tajriba va mahorat oshirishi, Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beradigan nufuzli musobaqalarga tayyorlanishi va ularda munosib qatnashishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishiga asos bo‘lganini taʼkidladi.
Marosimda g‘olib va sovrindor sportchilarimiz nomidan so‘z olgan Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi Uchqun Quronboyev Paralimpiya o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar, yoshlarga qaratayotgan yuksak eʼtibor va g‘amxo‘rligi uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Agar yodingizda bo‘lsa, Rio-de-Janeyroda sportchilarimiz 5 ta sport turi – para suzish, para dzyudo, para yengil atletika, para pauerlifting va para o‘q otish bo‘yicha bellashuvlarda ishtirok etgan bo‘lsa, Tokio-2020da O‘zbekiston tarixida ilk marotaba para kanoe, para taekvondo hamda para akademik eshkak eshish sport turlari bo‘yicha ham vakillarimiz yo‘llanmalarni qo‘lga kiritib, bahslarda ishtirok etdi.
Tokio mezbonlik qilgan XVI Paralimpiya o‘yinlarida 168 davlatdan besh ming nafarga yaqin sportchi g‘oliblik uchun bahslashdi. Kuchli raqobat ruhida o‘tgan musobaqalar g‘olib va sovrindorlari orasidan joy olish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, albatta. Bunday muvaffaqiyatlar ortida kechayu-kunduz olib borilgan izchil mashg‘ulotlar, tinimsiz izlanishlar va mehnat turibdi.
XVI Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasi 168 davlat orasida o‘n oltinchi, Osiyo jamoalari o‘rtasida Xitoy, Yaponiya va Erondan so‘ng to‘rtinchi, MDH bo‘yicha Rossiya, Ukraina va Ozarbayjondan keyin to‘rtinchi, Markaziy Osiyo va Turkiy kengashga aʼzo davlatlar orasida birinchi o‘rinni egallagani qayd etildi.
Muxtasar qilib aytganda, Kunchiqar mamlakatda bo‘lib o‘tgan har to‘rt yillikning eng muhim sport anjumanida yurtdoshlarimiz o‘z natijalarini har tomonlama yaxshilab, Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik ayyomiga munosib sovg‘a taqdim etdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi