O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkiyada “O‘zbekiston – Buyuk ipak yo‘lining yuragi” suratlar ko‘rgazmasi tashkil etildi
2021-09-06 | Madaniyat
O‘zbekiston Respublikasi istiqlolining shonli sanasi – mustaqillikning o‘ttiz yilligi bayrami munosabati bilan mamlakatimizning Anqaradagi elchixonasi Bursa viloyati hokimligi va “Yevroosiyo iqtisodiy hamkorlik uyushmasi” (EkoAvrasya) bilan hamkorlikda Bursaning Yildirim tumanida “O‘zbekiston - Buyuk ipak yo‘lining yuragi” nomli fotoko‘rgazma tashkil etdi.
Tadbirda Bursa viloyati hokimi Yoqub Jonbo‘lat, Turkiya Buyuk Millat Majlisi O‘zbekiston-Turkiya do‘stlik guruhi raisi Usmon Mesten, “EkoAvrasya” boshqaruv kengashi raisi Hikmet Eren, Bursa shahri hokimining o‘rinbosari Fati Yulduz, Bursaning Yildirim tumani hokimi Oktay Yilmaz, shuningdek, turk ishbilarmon va ekspert doiralari hamda mahalliy jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi.
Ko‘rgazma ochilishida O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi Alisher Aʼzamxo‘jayev mamlakatimizda o‘tgan davr mobaynida yangi demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida amalga oshirilgan ulkan ishlar hamda Yangi O‘zbekiston hayotining barcha sohalarida ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlar to‘g‘risidagi fikrlarini o‘rtoqlashdi. U, shuningdek, O‘zbekiston istiqlolini birinchi bo‘lib qardosh Turkiya rasman tan olganini qayd etdi.
Bursaning Yildirim tuman hokimi Oktay Yilmaz bugun ko‘p sohalarda, xususan, madaniyat, siyosat, iqtisodiyot, ichki va tashqi ishlar yo‘nalishlaridagi o‘zaro aloqalar mustahkamlanib borayotganini taʼkidladi. “Bursa va Buxoro bizlar uchun jonga yaqin va qadrli shaharlardir. Qardosh O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan barchangizni chin qalbimdan tabriklayman”, - dedi u.
“EkoAvrasya” boshqaruv kengashi raisi Hikmet Eren bundan roppa-rosa 30 yil avval – 1991-yil Markaziy Osiyoning madaniy-maʼrifiy beshigi va barakotli zamin - O‘zbekiston o‘z mustaqilligiga erishganiga eʼtibor qaratib, o‘tgan davr mobaynida ikki tomonlama munosabatlar strategik hamkorlik darajasiga ko‘tarilganini qayd etdi.
Bursa gubernatori Yoqub Jonbo‘latning taʼkidlashicha, O‘zbekiston va Turkiya umumiy til, mushtarak tarix va madaniyat, urf-odatlarga ega birodar va do‘st davlatlar hisoblanadi. “30 yildan beri O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik ravnaq topdi va ikki tomonlama munosabatlarning salmog‘i sezilarli darajada yuksaldi. O‘zaro munosabatlar, ayniqsa, 2016-yildan keyin strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Maʼlumotlarga ko‘ra, faqat 2020-yilning o‘zida birgalikda amalga oshirilgan investitsiya loyihalarining umumiy qiymati 500 million dollardan oshdi. Bugungi ko‘rgazma Bursa ahliga O‘zbekistonni taqdim etish nuqtai nazaridan katta imkoniyatdir. Biz hududlararo iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yana-da rivojlantirish tarafdorimiz”, - dedi gubernator.
Fotoko‘rgazma barcha mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi