Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar Kengashining yillik anjumani doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Misr Arab Respublikasining rejalashtirish va iqtisodiy rivojlanish vaziri Hala Helmi Elsaid bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi O‘zbekiston – Misr hamkorligining bugungi kun tartibini hamda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kuchaytirish chora-tadbirlarini muhokama qildilar.
Jumladan, qishloq xo‘jaligi, farmasevtika, elektrotexnika, charm-poyabzal va to‘qimachilik sanoati sohalarida qo‘shma korxonalar tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
O‘zaro savdo hajmini oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta'kidlandi. Birinchi yarim yillikda ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi ikki barobardan ziyod ko‘paydi, shu munosabat bilan tomonlar O‘zbekiston va Misrda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ikki mamlakat bozorlariga yetkazib berishni oshirish bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Tomonlar erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida ro‘yobga chiqarish hamda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish uchun qo‘shma guruh tuzishga kelishib oldilar. Ikki tomonlama asosda o‘zaro savdoda mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va kelgusida hayotga tatbiq etiladigan eng istiqbolli loyihalarni aniqlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish ishlari amalga oshiriladi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish, shuningdek, har ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida sanoat hamkorligini kuchaytirish maqsadida ikki mamlakat biznes hamjamiyatlarini bir-biriga yaqinlashtirish vazifasi qo‘yiladigan O‘zbekiston-Misr biznes Kengashini tuzish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Shuningdek, yaqin vaqt ichida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston-Misr Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi va ikki mamlakatning yirik kompaniyalari vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi