O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“ArMI–2021”: “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasida Oʻzbekiston chempion
2021-08-31 | Xavfsizlik sohasi
Markaziy harbiy okrugning “Forish” togʻ poligonida Xalqaro armiya oʻyinlari doirasida oʻtkazilayotgan “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasining soʻnggi sharti — “Jamoaviy birinchilik” bellashuvlari boʻlib oʻtdi.
Unda ishtirokchi jamoalar vakillari – kichik va oʻrta tibbiyot xodimlari erkaklar va ayollar guruhlariga boʻlingan holda birdamlikda shiddatli bahslarga kirishdi.
“Jamoaviy birinchilik” shartiga koʻra, ishtirokchilar muhandislik toʻsiqlaridan emaklab oʻtib, shartli yaradorga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, tibbiy zambil orqali va arqon yordamida suvli toʻsiq ustidan olib oʻtish, sanitar harbiy texnikaga joylashtirib, barcha aslahalarni yigʻishtirib olish, keyin esa ularni xavfsiz hududga olib chiqish kabi mashqlarni bajarishdi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, mazkur shartda har bir ishtirokchining shaxsiy mahorati umumjamoa kuchini tashkil qilishda muhim rol oʻynaydi. Bunda yuqori natijaga erishish uchun jamoaning har bir aʼzosidan chaqqonlik va epchillik, xususan, birgalikda, hamjihatlikda harakat qilish, qatʼiyat talab etiladi.
Musobaqa oʻtkazilayotgan hudud shartli ravishda jang maydonidek koʻrinishga keltirilgan. Harbiy xizmatchilarning oʻqotar qurollardan havoga otayotgan oʻquv mashqlarida foydalaniladigan oʻqlaridan taralgan ovoz va oʻquv portlovchi vositalar shovqini, musobaqa yoʻlagi atrofida tomoshabinlarning qoʻllab-quvvatlashi, hali chekinmagan issiq yoz havosi hamda hayajon qorishib, masʼuliyatni yanada oshiradi.
Ammo bahslarda qoʻlni qoʻlga berib, oʻzi va sheriklarining harkatlarini bir xilda nazorat qilgan, birgalikda va bir-birlarini tushungan hamda qoʻllab-quvvatlagan holda marra tomon odimlagan jamoalar yuqori natijalarni qayd eta oldi.
Yakuniy natijalarga koʻra, “Jamoaviy birinchilik” bosqichida erkaklar hamda ayollar bahslarida Oʻzbekiston jamoasi yuqori natijalarni koʻrsatib, birinchi oʻringa sazovor boʻlishdi.
Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi bu yil ham mazkur musobaqaning “Jamoaviy birinchilik” bosqichida oʻtgan yilgi natijalarini yangilab, rekordlar qayd etishdi. Mazkur shartni bajarish uchun hamyurtlarimiz erkaklar oʻrtasida 5 daqiqa 28,4 soniya (oʻtgan yil – 6ʻ28,8), ayollar oʻrtasida esa 7 daqiqa 51,3 soniya (oʻtgan yil – 10ʻ09,2) vaqt sarf qilishdi.
Barcha shartlar boʻyicha toʻplangan umumiy natijalarga koʻra:
– Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi – birinchi oʻrin;
– Rossiya Federatsiyasi – ikkinchi oʻrin;
– Xitoy Xalq Respublikasi – uchinchi oʻrinni egalladi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur musobaqada hamyurtlarimiz mana, 3-yildirki, mutlaq gʻolib boʻlib kelishmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi