O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘smir bokschilarimiz qit’ada tengsiz
2021-08-30 | Sport
Dubay shahrida 10 kun mobaynida boks bo‘yicha yoshlar va qizlar, o‘smirlar va o‘smir qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatining o‘smirlar kesimidagi bahslarning g‘olib va sovrindorlari aniqlandi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati.
Quvonarlisi, murosasiz janglar natijasiga ko‘ra, o‘zbekistonlik umidli o‘smir bokschilar jami 11 medal, ya’ni 6 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida qit’ada tengsiz ekanliklarini namoyish qildi. Vakillarimizdan keyingi pog‘onalarni esa Qozog‘iston, Hindiston va eronlik bokschilar egalladi.
Osiyo qit’asining 18 davlatidan yosh charm qo‘lqop ustalari qatnashgan o‘smirlar o‘rtasidagi janglar natijasiga binoan, O‘zbekiton terma jamoasi a’zolaridan Hojiakbar Mahmudov (50 kg), Javohir Ummataliyev (60 kg), Lazizbek To‘lqinov (63 kg), Fazliddin Erkinboyev (66 kg), Shavkatjon Boltayev (70 kg), Sardorbek Tursunov (81 kg) oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Abdulloh Madaminov, Mironshox Norqosimov, Dalerjon Bozorov, Mizrob Nekboyev kumush va Baxtiyor Yaxshiboyev o‘z vaznida bronzali bo‘ldi. Chempionat Nizomiga asosan 1-o‘rinlar 6000 AQSH dollari, kumush va bronza medallari egalari esa 3000 hamda 1500 dollar mukofotiga ega bo‘ldi.
Yoshlar o‘rtasidagi qit’a chempionatining final musobaqalari bugun bo‘lib o‘tadi. O‘ylaymizki, yoshlar ham o‘smirlar erishgan muvaffaqiyatni qayd etib, mamlakatimiz mustaqilligining 30 yillik shodiyonasiga munosib to‘yona bilan qit’a birinchiligiga o‘ziga xos chiroyli yakun yasaydi.
Manba: O'zA