O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Surxondaryoning ayrim hududlarida yangi tashkil etiladigan xo‘jalik subyektlari uchun foyda solig‘i stavkasi pasaytiriladi

2021-08-26 | Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Surxondaryo viloyatida kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rag‘batlantirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va ularning eksportini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, aholi bandligini taʼminlash va daromadini oshirish bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimining samaradorligini yana-da oshirishga qaratilgan qarorni imzoladi. (PQ-5228-son 23.08.2021-y.)

Qarorga muvofiq, Surxondaryo viloyatining tog‘li va yerlari sho‘rlangan hududlarida yangidan tashkil etiladigan va shu hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan holda faoliyat ko‘rsatadigan tadbirkorlik subyektlari uchun (klasterlar bundan mustasno) 2021-yil 10-sentabrdan 2024-yil 1-yanvarga qadar foyda solig‘ining amalda belgilangan stavkasi 50 foizga pasaytiriladi.  

Bandixon, Qiziriq, Muzrabot va Sherobod tumanlarida, shuningdek, xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi tomonidan belgilab beriladigan tog‘li va yerlari sho‘rlangan hududlarda yangi tashkil etiladigan va shu hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan holda faoliyat ko‘rsatadigan tadbirkorlik subyektlarini (klasterlar bundan mustasno) 2024-yil 1-yanvarga qadar yuridik shaxslar yer solig‘i, mol-mulk solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qatʼiy belgilangan miqdorini to‘lashdan ozod qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Shuningdek qarorga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, shu jumladan aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 100 mln AQSH dollari ekvivalentidagi mablag‘lar ajratiladi.  

Ushbu mablag‘lar quyidagi maqsadlarda taqsimlanadi:

– “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida amalga oshiriladigan loyihalarga kredit berish;

– Surxondaryo viloyatida limonchilik loyihalarini moliyalashtirish;

– ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi past hamda ishsizlik darajasi nisbatan yuqori bo‘lgan mahalla hududlarida “yetakchi” tadbirkorlik subyektlarining loyihalarini moliyalashtirish;

– viloyatda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘nalishidagi yangi loyihalarni moliyalashtirish, zarur infratuzilmani yaratish hamda eksportyorlarni aylanma mablag‘ bilan taʼminlash.

Qarorga muvofiq:

– 2022-2023-yillarda viloyatda yangi kichik tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish va ish o‘rinlarini yaratish prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqiladi;

– “xonadonbay” ishlash tizimi asosida “og‘ir” mahallalardagi aholining turmush sharoiti, istak-xohishi va imkoniyatlarini o‘rganiladi va ularning “o‘sish nuqtalari”ni belgilanadi. Bunda, chorvachilik, parrandachilik, tomorqa va issiqxona xo‘jaligi, hunarmandchilik, kosibchilik va kichik ishlab chiqarish yo‘nalishlariga alohida eʼtibor qaratiladi;

– ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi past hamda ishsizlik darajasi nisbatan yuqori bo‘lgan mahallalar va ulardagi tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagi bo‘lgan aholi “yetakchi” tadbirkorlik subyektlariga biriktiriladi.

Samarqand viloyatida eksperiment tariqasida joriy etilgan “mahallabay” ishlash tizimi 2021-yil 1-sentabrdan Surxondaryo viloyatida joriy etiladi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi

Поделиться