O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aziz Abduhakimov: “Хalqimizning maʼnaviy-madaniy xazinasini o‘z egasiga yetkazish - barchamizning pirovard maqsadimiz”
2021-08-26 | Madaniyat
O‘zbekiston Xalqaro Islom Akademiyasida Rossiya Federatsiyasi tomonidan O‘zbekistonga qaytarilgan XIII–XIX asrlarga oid qimmatbaho madaniy boyliklarni Islom sivilizatsiyasi markazini rivojlantirish jamg'armasiga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi - Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Sh. Minovarov, Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri A. Abduhakimov, Davlat bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari U.Kodirov ishtirok etishdi.
Taʼkidlanishicha, madaniy meros boyliklarini asrab-avaylash va uni kelajak avlodga yetkazish mexanizmlarini ishlab chiqish, O‘zbekistondan noqonuniy olib chiqib ketilgan madaniy boyliklarni (amaliy sanʼat buyumlari va kitoblar va boshqa noyob buyumlar) yurtimizga qaytarish, bu boradagi mutasaddilarning masʼuliyatini oshirishning ahamiyati alohida taʼkidlandi.
Bosh vazir o‘rinbosari - turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov: “Yuqoridagi qo‘lyozma kitoblar va sopol buyumlari O‘zbekistonga oid tarixiy, badiiy va muzey qiymatiga ega madaniy boyliklar hisoblanadi.
Hozirgi kungacha ushbu noyob madaniy boyliklar O‘zbekiston Davlat sanʼat muzeyida o‘rnatilgan tartibda o‘ralgan holda maxsus qutilarda saqlanib kelindi.
Bugun qaytarilgan madaniy boyliklarning Vatanimizga qaytarilishida Davlat bojxona qo‘mitasi hamda Madaniy meros agentligi mutaxassislari hissasi beqiyos.
Barchamizning pirovard maqsadimiz, ezgu maqsad yo‘lida xalqimizning maʼnaviy xazinasini o‘z egasiga yetkazishdan iborat”, - deya qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu madaniy boyliklar 2016-yil O‘zbekiston Respublikasidan noqonuniy olib chiqib ketilgan bo‘lib, Rossiya Federal Bojxona xizmati tomonidan to‘xtatib qolingan. Rossiya Federal bojxona xizmati, Markaziy ekspert-kriminalistik bojxona boshqarmasi, Bojxona ekspertining 2016-yil 15-noyabrdagi xulosasiga ko‘ra:
29 (yigirma to‘qqiz) dona qo‘lyozma kitoblar XIX asr oxiri –XX asr boshlarida bitilgan bo‘lib, fors tili arab yozuvida yozilgan.
16 (o‘n olti) dona turli xil sopol buyumlarning (ko‘zalar, vazalar, shokosalar v.x.) 7 (yetti) donasi XIX asr oxiri – XX asr boshlarida,
9 (to‘qqiz) donasi XX asrning o‘rtalarida yasalgan.
Mazkur madaniy merosni qaytarishga oid tadbir O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Hukumat rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi doirasida rejalashtirilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi