Toshkentda O‘zbekiston-Birlashgan Arab Amirliklari biznes-forumi bo‘lib o‘tdi va unda O‘zbekiston Respublikasi hamda BAA davlat muassasalari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etishdi. Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan “DP World”, “Abu Dhabi Ports”, “Masdar”, “Mubadala Health”, “VPS Healthcare”, “DAMAC”, “Kanoo Group”, “Julphar”, “Al Rais Travel and Tourism” kabi va boshqa korxonalar vakillari qatnashdi.
Tadbirda xorij delegatsiyasiga BAA Iqtisodiyot vaziri Abdulloh bin Tuk al-Marri, o‘zbek delegatsiyasiga esa O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov boshchilik qildi.
Delegatsiyalar rahbarlari o‘z chiqishlarida ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning yuqori darajada ekanligini ta'kidlab, qo‘shma investitsiya loyihalari sonini oshirish va uzoq muddatli savdo aloqalarini o‘rnatishning barqaror dinamikasini qayd etdilar.
Shu bilan birga, ikki mamlakatning iqtisodiy salohiyati ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yanada oshirishning shart-sharoitlarini shakllantirayotgani ma'lum qilindi. Shu nuqtai nazardan ikki mamlakat biznes vakillari o‘zaro fikr va loyiha takliflari bilan almashish, hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish va aniq kelishuvlarga erishishlari mumkin bo‘lgan platformani yaratish zarurligi qayd etildi. Shu munosabat bilan tomonlar O‘zbekiston-BAA Ishbilarmonlar kengashi tuzilganini mamnuniyat bilan olqishlab, ikki mamlakat tadbirkorlarini muvaffaqiyatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikka chaqirdilar.
Tadbir dasturi doirasida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, tog‘–kon sanoati, elektrotexnika, farmasevtika, zargarlik va boshqa sohalaridagi investitsiyaviy salohiyatining taqdimotlari o‘tkazildi. BAA investorlari mamlakatda amalga oshirilayotgan xususiylashtirish dasturi va uning oraliq natijalari bilan tanishdi.
Tadbir davomida ikki mamlakat biznes hamjamiyati vakillari o‘rtasida uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi. Tomonlar O‘zbekistonda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, o‘zaro manfaatli savdo bitimlarini tuzish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Forum yakunida bir qator ikki tomonlama hujjatlar, jumladan, O‘zbekiston-BAA Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim, O‘zbekiston Respublikasining “World Logistics Passport” xalqaro savdoga ko‘maklashish dasturiga qo‘shilish to‘g‘risidagi bitim, O‘zbekiston-BAA investitsiya kompaniyasi va “E20 Investments Ltd.” o‘rtasida O‘zbekistonda Gilos va rezavor o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida bitim, shuningdek, O‘zbekiston tomonidan Toshkent shahar Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi rahbariyati va BAA tomonidan Abu-Dabi iqtisodiy rivojlanish departamenti tasdiqlagan Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi