O‘zbekiston va ЕI ko‘p qirrali hamkorlik doirasida muloqotni rivojlantirish niyatida
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha Maxsus vakili Teri Hakalani qabul qildi.
Tomonlar O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi siyosiy va diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik, transport va logistika, madaniy-gumanitar munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollarini, shuningdek, Afg‘onistonda kuzatilayotgan vaziyatni hisobga olgan holda mintaqaviy hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
Mamlakatimizda demokratik institutlarini rivojlantirish, iqtisodiyotni liberallashtirish va huquqiy muhitni mustahkamlashda salmoqli natijalarga erishilgani ta'kidlandi. Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha muloqotni davom ettirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi. YeI maxsus vakili Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish jarayonida O‘zbekistonga amaliy yordam ko‘rsatishga sodiqligini tasdiqladi hamda O‘zbekiston bilan YeI o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasi yuzasidan kelishishning qisqa muddatlarda yakunlanishiga ishonch bildirdi.
Shuningdek, tomonlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida koviddan keyingi davrda O‘zbekiston va YeIga a'zo davlatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini, shu jumladan, “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimi imkoniyatlaridan foydalanish orqali ko‘paytirish hamda madaniy-gumanitar sohadagi qo‘shma dasturlarni amalga oshirishni belgiladilar.
Uchrashuv natijasida ko‘rib chiqilgan barcha yo‘nalishlarda yaqin hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi