O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Imkoniyatlarga eshik ochgan tarixiy muloqot
2021-07-26 | Siyosat
Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligi arafasida nainki mamlakatimiz tadbirkorlari, balki butun xalqimiz ilk marta yirik miqyosdagi jonli muloqotning guvohi bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining yurtimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvda so‘zlagan nutqi barcha ishbilarmon hamyurtlarimizga yangicha ruh, ilhom, izlanishga ma’naviy madad bergani tayin.
Aslida, yurtimizdagi barcha tadbirkorlar bir joyga to‘plansa, muhtasham "O‘zbekiston" Xalqaro anjumanlar saroyidek o‘nlab maskanlar ham kamlik qilishi shubhasiz. E’tiborga molik jihati, mazkur tarixiy uchrashuvga o‘ta jiddiy va puxta tayyorgarlik ko‘rilishi bilan birga biznes doira vakillarini anchadan buyon o‘ylantirib kelayotgan masalalar batafsil, har tomonlama va keng qamrovli tarzda o‘rganildi. Olti soatdan ko‘proq vaqt mobaynida o‘tkazilgan jonli muloqotni har birimiz bir nafasda OAV orqali kuzatib, o‘zimiz ham unda bevosita ishtirok etgandek bo‘ldik.
Yurtboshimiz mavjud barcha muammolarni nainki mamlakat rahbari sifatida, balki oddiy tadbirkorlar safida turib ifoda etgani, ularning yechimiga maqbul yo‘l izlaganiga butun xalqimiz guvoh bo‘ldi. Yurtimizda tadbirkorlik jadal ravnaq topayotgani barobarida oilaviy, ayollar, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish yo‘lidagi amaliy qadamlar o‘z natijasini ko‘rsatayotgani jonli muloqot davomida yana bir karra namoyon bo‘ldi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlarda yurt tarixida ilk bor kambag‘allikni qisqartirish masalasi o‘rtaga tashlangan edi. Endilikda bu dolzarb muammo amaliy tashabbuslar vositasida hal etilmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Butun mamlakatni qamrab olgan tadbirkorlar bilan ilk ushbu uchrashuv jarayonida ham xalqimizning xarid qobiliyatini oshirish, muloqotga kela olmagan ishbilarmon hamyurtlarimizning ham o‘ylantirayotgan muammolarini tezda hal etish bo‘yicha amaliy topshiriqlar berilgani barchani mamnun etdi.
Davlatimiz rahbari tadbirkorlar oldida turgan muammolarni hal qilishga qaratilgan 7 ta muhim yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tdi. Biznesni moliyalashtirish, soliq tizimini takomillashtirish, biznesga soliq yukini imkon qadar kamaytirish, yer ajratish, qiymati 200 milliard so‘mga teng loyihalar va sanoat zonalariga infratuzilma yetkazib berish, eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, kichik biznesni eksport faoliyatiga keng jalb etish, transport-logistika, tadbirkorlikka oid tartib-taomillarni soddalashtirish kabi jihatlar shular jumlasidandir. Demakki, barcha masalalar ipidan ignasigacha puxta o‘rganilgani kundek ravshan.
Uchrashuv davomida imkoniyatlar, resurslar, ne’matlarga boy jonajon O‘zbekistonimizda hatto chiqindidan ham mo‘maygina biznes qilib daromad topish, yangi ish joylarini yaratishga, qancha-qancha odamlarning mehnat bilan bandligini ta’minlashga va shu orqali turmush sharoitini yaxshilashga imkon borligini yana bir karra angladik.
Ayni paytda tadbirkorlar safini yanada kengaytirish, bunda banklarning “usti yaltiroq, ichi qaltiroq” muassasa emas, balki islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lishi zarurligi muhim ekanligi mamlakat yetakchisi tomonidan alohida ta’kidlandi. Tadbirkorlik rivoji har bir hududning o‘ziga xosligini inobatga olgan holda istiqbolli rejalar, amaliy ishlar belgilandi. Qolaversa, byudjet uchun qancha og‘ir bo‘lmasin, tadbirkorlar uchun soliq yukini kamaytirish, ularni yengillatish muhimligi qayd etildi. Ortiqcha to‘langan soliq esa bojxona to‘lovlarida e’tiborga olinishiga oid tashabbus ijtimoiy adolatning yorqin ko‘rinishidir.
Ha, bugun imkon qadar tadbirkorlarga yengilliklar, qo‘shimcha imtiyozlar, qulayliklar yaratilmoqda. Jarima va sanksiyalarning bekor qilinishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Barcha rag‘batlarga yarasha esa haqqoniy birgina oddiy talab - halol va ochiq faoliyat ko‘rsatishga da’vat etmoqda Prezidentimiz. Ishbilarmon hamyurtlarimiz mamlakatning eng katta va ishonchli kuchi sifatida e’tirof etildi.
Tadbirkorlarga yelkadosh bo‘layotgan Respublika Savdo-sanoat palatasining faoliyati ko‘lami va natijadorligi tobora ortishi muqarrar. Ushbu tarixiy uchrashuv ko‘plab yangi biznes g‘oyalar, ilg‘or tashabbuslar, yangi imkoniyatlar, korxonalarga, minglab ish o‘rinlariga, hayotimizning yanada farovonlashuviga, biz muxbirlaru ijodkorlarga esa yangi mavzular, materiallar, reportajlar, maqolalarga zo‘r turtki berishi shubhasiz.
Manba: O'zA