O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qashqadaryo viloyatida startap loyihalar tanlovi oʻtkaziladi
2021-08-24 | Innovatsiya
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi oʻrtasida Qashqadaryo viloyatida startap loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha tanlov tashkil etish yuzasidan oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandumni innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Qashqadaryo viloyati hokim Zoir Mirzayev videokonferens aloqa orqali oʻtkazilgan uchrashuvda masofadan imzoladilar.
Memorandum Qashqadaryo viloyatida ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash, startap loyihalarini teng ulushlarda moliyalashtirish boʻyicha oʻzaro hamkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish va ushbu yoʻnalishda tanlov tashkil etish maqsadida tuzildi. Unga koʻra, Qashqadaryo viloyatida ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan fuqarolarning tashabbuskor startap loyihalarini moliyalashtirish uchun hamkorlikda tanlov tashkil qilinadi.
Mazkur imzolangan hujjatda Qashqadaryo viloyati hokimligi t omonidan viloyatdagi fuqarolarning aniq amalga oshirish mexanizmlari, muddati va dastlabki natijalari koʻrsatilgan startap loyihalarini tanlovga jalb etilishi belgilangan. Tanlov natijalariga koʻra Innovatsion rivojlanish vazirligi hayʼati tomonidan moliyalashtirishga tavsiya etilgan startap loyihalarga oʻrnatilgan tartibda grant mablagʻlarini ajratiladi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi oʻz navbatida tanlovni tashkil etish, oʻtkazish, gʻoliblarni tanlab olish ishlarini amalga oshiradi. Texnik va moliyaviy-iqtisodiy ekspertizadan, hamda Ilmiy-texnik kengashdan muvaffaqiyatli oʻtgan startap loyihalarni moliyalashtirish masalasini Innovatsiya rivojlanish vazirligi hayʼatida koʻrib chiqiladi.
Startap loyihalar tanlovlarini amalga oshirish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi 2 mlrd soʻm va Qashqadaryo viloyati hokimligi 2 mlrd soʻm miqdorida pul mablagʻlari ajratadi.
Vazir va hokim Qashqadaryo viloyatining Nishon tumani innovatsion hududga aylantirish boʻyicha amalaga oshirilayotgan ishlarni ham muhokama qildilar. Bugungi kunga qadar, Qashqadaryo viloyatidan umumiy qiymati 11,4 mlrd.soʻm boʻlgan 12 ta innovatsion loyiha vazirlikka taqdim etilgan boʻlib, shundan jami qiymati 7,7 mlrd. soʻmlik 6 ta loyiha vazirlik hayʼatida moliyalashtirilishi maʼqullandi.
Shuningdek, 2022-yildan Qashqadaryo viloyatida qurilishi rejalashtirilgan Yoshlar texnoparki uchun joy ajratish masalasi ham koʻrib chiqildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi