O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Matonatli paralimpiyachilarimiz Tokioga jo‘nab ketdi
2021-08-21 | Sport
Bugun O‘zbekiston paralimpiya sport delegatsiyasi joriy yilning 24 avgust – 5 sentyabr kunlari Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan XVI yozgi Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etish uchun kunchiqar yurtga yo‘l oldi.
Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasida matonat va iroda timsoli bo‘lgan sportchilarimizni tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ota-onalar, keng jamoatchilik vakillari, sport faxriylari XVI yozgi Paralimpiya o‘yinlarining mamlakatimiz sport hayotidagi ahamiyati, kuchli iroda va shijoat timsoli bo‘lgan paraatletlarimizning mazkur nufuzli musobaqa yo‘llanmalarini qo‘lga kiritish yo‘lidagi jonfidoligi millionlab yoshlarimizga ibrat maktabi ekanligini ta’kidlashdi.
Mamlakatimizda jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarga sport bilan shug‘ullanish uchun zarur shart-sharoit yaratish, ularning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirokini ta’minlash va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarning tizimli olib borilayotganligi natijasida parasportchilarimiz nafaqat sport musobaqalarida, balki oddiy hayot zaylida ham sog‘lom turmush tarzi tamoyillarining katta targ‘ibotchilari bo‘lib maydonga chiqdi. Qolaversa, ular xalqaro musobaqalarda, olimpiya va qit’a o‘yinlarida Vatanimizning sport salohiyatini yuksaltirib kelmoqda.
Yangi O‘zbekistonning porloq kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashayotgan, sport maydonlarida yurt bayrog‘ini sarbaland etish orzu-istaklarini qalbiga jo etgan 48 nafar parasportchimiz epidemiologik murakkab vaziyatga qaramasdan 16-paralimpiya o‘yinlarining 55 ta yo‘llanmasini qo‘lga kiritganligi O‘zbekiston sport tarixida e’tiborli voqelik bo‘ldi. Paralimpiyachilarimiz Tokio sport maydonlarida 8 ta sport turida g‘oliblik uchun kurash olib borishadi.
– Bu yil karantin cheklovlari bo‘lishiga qaramasdan davlatimiz tomonidan biz, sportchilarga mashg‘ulotlarda qatnashish, paralimpiya saralash musobaqalarida ishtirok etib, yo‘llanmalarni qo‘lga kiritishimiz borasida barcha shart-sharoit yaratib berildi. O‘tgan yili Dohada o‘tkazilgan olimpiya saralash turnirida Tokio yo‘llanmasiga sazovor bo‘lgandim. Maqsadim Tokio o‘yinlarida g‘olib chiqish. Agar shohsupadan joy egallasam, g‘alabam sharafiga O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilsa, bu dunyoda mendan baxtli inson bo‘lmaydi, – deydi hayajon bilan para yengil atletikaning yadro uloqtirish yo‘nalishi bo‘yicha terma jamoa a’zosi Muhammad Rixsimov.
Tadbir davomida, shuningdek, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi B.Maxsitov, sportchi N.Qurbonova va boshqalar so‘zga chiqib, Tokioda o‘tkazilayotgan paralimpiya musobaqalarida mamlakatimiz sport sharafini ulug‘lashga otlangan delegatsiya a’zolariga omadlar tiladi.
Tokio shahriga yo‘l olayotgan mamlakatimiz sport delegatsiyasini kuzatish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.Abduvoxitov ishtirok etdi.
To‘lqin RO‘ZIEV
Manba: O'zA