O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umorzoqov Toshkent shahrida Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining o‘rinbosari A.Overchuk bilan uchrashdi.
Uchrashuv chog‘ida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika hamkorligining keng ko‘lamli masalalari muhokama qilindi.
Investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash haqida so‘z yuritib, tomonlar hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga alohida e'ttibor qaratdilar. Hududlararo hamkorlikning II Forumiga tayyorgarlik ko‘rish dolirasida mustahkam investitsiyaviy va savdo bitimlarini ishlab chiqish maqsadida O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasining turli hududlari ma'muriyatlari rahbarlarining 42 ta o‘zaro tashrifi tashkil etilishi ma'lum qilindi.
Ma'lumot uchun: 2018-yilda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikning birinchi forumi yakunlari bo‘yicha 2,7 mlrd dollar miqdorida kelishuvlarga erishildi, shundan investitsiya loyihalarini amalga oshirishga doir kelishuvlar umumiy summasi 1,5 mlrd dollarni, savdo bitimlari bo‘yicha esa – 1,2 mlrd dollarni tashkil etdi.
Tomonlar ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish dolzarbligini qayd etdilar. Shu nuqtai nazardan Moskvada “Made in Uzbekistan” Rossiya Federatsiyasida o‘zbek mahsulotlarining oldin o‘tkazilgan ko‘rgazmalaridan ham yirik bo‘lgan sanoat ko‘rgazmasini tashkil etishga tayyorgarlikning borishi ko‘rib chiqildi.
Qo‘shma Loyiha ofisi faoliyatining joriy natijalari bo‘yicha mas'ul rahbarlarning hisoboti tinglandi. Iqtisodiy hamkorlik dasturiga kiritilgan va umumiy qiymati 5,8 mlrd dollarni tashkil etuvchi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikda sa'y-harakatlarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Tomonlar, shuningdek, 2020-yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya (HK)ning yig‘ilishida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etilishining amaldagi holatini ko‘rib chiqdilar va HKning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida logistika yo‘laklarini rivojlantirish sohasidagi O‘zaro anglashuv memorandumini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolandi. Hujjatda zarur infratuzilmani yaratish va tegishli logistika xizmatini tashkil etish bo‘yicha birinchi darajali chora-tadbirlar belgilangan.
Hujjatda bojxona, sanitariya va fitosanitariya tartib-taomillarini takomillashtirish, ikki mamlakat o‘rtasida tovarlarni o‘tkazish tartibini soddalashtirish, davlat organlari o‘rtasida raqamlashtirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik qilishning shakllari belgilangan. Unda, shuningdek, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, xususan, agro-logistika va ulgurji taqsimot markazlarini tashkil etish bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlar qayd etilgan. Shunday chora-tadbirlardan biri “Agroekspress” muntazam marshrut poezdini “yashil yo‘lak” tamoyili asosida tashkil etish bo‘lib, u O‘zbekistondan Rossiya Federatsiyasiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ko‘pi bilan besh kunda yetkazib berishni ta'minlaydi.
Uchrashuv yakunida tomonlar munosabatlarning muhokama qilingan yo‘nalishlari doirasida amaliy hamkorlik qilish uchun navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar va yuzaga kelayotgan masalalarni zudlik bilan hal qilish maqsadida barcha darajalarda yaqin aloqalarni saqlab qolishga kelishib oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi