O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident: elektr energiyasidagi uzilishlar ko‘pchilik tadbirkorlarimizni bezovta qilayotgani ham ayni haqiqat
2021-08-20 | Siyosat
Davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda elektr energiyasi borasidagi muammolar, yangi loyihalarga ham to‘xtalib o‘tdi.
– Bu masala bo‘yicha har bir tuman, shahar va mahalla kesimida alohida dasturlar amalga oshirilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari. – Joriy yil 1-noyabrgacha 4 mingta transformatorni almashtirish, 35 ta podstansiya, 15 ming kilometr tarmoqlarni yangilash ishlari yakuniga yetkaziladi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun joriy yilning o‘zida ilk bor 3 trillion so‘m mablag‘ ajratganmiz. Oldingi yillarda bu ishlarning 10 foizi ham bo‘lmagan.
Agar tahlil qilib ko‘rsak, so‘nggi 5 yilda elektr energiyasi iste’molchisi bo‘lgan tadbirkorlar soni 25 foizga, ularning iste’mol hajmi 30 foizga oshgan. Shu bois elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish maqsadida sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va xususiy biznes kirib keldi.
Natijada shu yil yakuniga qadar to‘liq xususiy investitsiyalar hisobiga umumiy quvvati 1 ming 800 megavatt bo‘lgan 8 ta issiqlik va quyosh elektr stansiyalari ishga tushiriladi.
–Energetika vazirligi kelgusi yillarda bu kabi loyihalarni keskin ko‘paytirib, 2023-yilga qadar elektr energiyasi bo‘yicha qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlarini 4 ming 400 megavattga oshirishi shart,– deya ta’kidladi Prezident.
Muloqot davom etmoqda.
Manba: O'zA