O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkorlar bilan bugungi uchrashuvimiz – hayotimizning talabi
2021-08-20 | Siyosat
Ayni paytda “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqoti davom etmoqda.
Ochiq muloqotda 600 nafar tadbirkor bevosita ishtirok etayotgan bo‘lsa, 1 ming 800 nafari hududlarda, 8,5 ming nafari tuman va shahar studiyalarida, jami 10 mingdan ortiq ortiq vakil ishtirok etmoqda.
Tadbirda, shuningdek, Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, barcha vazirlik va idoralar mutasaddilari qatnashmoqda.
Mazkur muloqotga tayyorgarlik doirasida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Respublika shtabi tashkil qilindi. Shtab 20 iyuldan 10 avgustgacha tunu kun faoliyat olib bordi, unga tadbirkorlardan 15 mingdan ziyod murojaat kelib tushdi. Murojaatlar ko‘pligi sabab, ularni qabul qilish jarayoni bir necha marta uzaytirildi.
Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlamoqda.
– Besh yil ilgari mazkur tizimga mutlaqo e’tibor yo‘q edi. Bitta narsani yuragimdan aytmoqchiman, tadbirkorlarga sharoit yaratish bo‘yicha armonlarim bor edi. Men ham viloyatlarda hokim bo‘lganman, Bosh vazir bo‘lganimda ham harakatlar natijasiz edi. Qog‘oz bor edi, amalda hech narsa yo‘q edi. Bu – haqiqat. Shu bois, mazkur muloqotni tashkil qildik. Tadbirkorlar sezsinki, ular yangi O‘zbekistonning zamini. Mana shu ochiq muloqotimizga tayyorgarlik jarayonida ko‘rdik, ulardan juda ko‘p tashabbuslar kelib tushdi. Bu tashabbuslar Prezident uchun juda ham kerak. Albatta ko‘p ishlar qildik, bular – boshlanishi. O‘zbekiston sharoitida tadbirkorlar emin-erkin ishlashi uchun hali ko‘p ish qilishimiz kerak.
Nima uchun tadbirkorlardan murojaatlar qabul qilishni 10 kunga cho‘zdirdim? Joylardagi hokimlar bilsin, tadbirkorga “xo‘p deb aytgin, 10 kundan keyin hal qilib beraman” degan gaplar endi o‘tmaydi. Tadbirkorlar ham shunga ko‘niksa O‘zbekistonda islohot bo‘lmaydi. Prezident vaqt topayapti bu muammolar bilan shug‘ullanishga, nimaga hokim vaqt topmaydi?! Mana hozir barcha hokimlar eshityapti, ilgari 99 foiz umrimiz egilib paxta ekish, egilib paxta terish bilan bilan o‘tardi. Na ijtimoiy soha bilan, na tadbirkorlik bilan shug‘ullandik.
bugungi uchrashuvimiz – hayotimizning talabi. Biz xalqimizni rozi qilamiz desak, tadbirkorlarga ko‘makchi, yelkadosh bo‘lishimiz, qonunchilikka kerakli o‘zgartishlarni kiritishimiz lozim. Hali juda ko‘p qonunlarimiz tadbirkorlarga ma’qul emas, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tadbirda hududlardan tadbirkorlar so‘zga chiqib, o‘zlarini qiynayotgan masalalarni o‘rtaga tashlamoqda, taklif va fikrlarini bildirmoqda. Ko‘p murojaatlar shu yerning o‘zida hal qilinmoqda yoki ularni qisqa muddatda yechish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berilmoqda.
Manba: O'zA