O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) bilan hamkorlik doirasida O’zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari obligatsiyalariga doir mavzuda salohiyatni oshirishga qaratilgan onlayn seminarlar o’tkazildi
2021-08-20 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 17-18-avgust sanasida Moliya vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) hamkorligi doirasida Barqaror rivojlanish maqsadlari(BRM)ga bog’langan obligatsiyalar hamda ularning afzalliklari, tamoyillari va muvofiqlik mezonlari masalasiga bag’ishlangan ikki kunlik salohiyatni oshirishga qaratilgan seminarlar tashkil qilindi. Mazkur seminarlarda Moliya vazirligining mutasaddi xodimlari, qator tegishli vazirliklarning vakillari va BMTDD ekspertlari ishtirok etdilar.
Ma’lumot uchun: Moliya vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi o‘rtasida joriy yilning 24-mart sanasida milliy valyutadagi suveren xalqaro obligatsiyalar tranzaksiyasidan tushgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni monitoring qilish, taraqqiyotga ta’sirini baholash va BRM obligatsiyalari dasturini ishlab chiqish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolangan. Joriy yilning 12-iyul sanasida O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutadagi xalqaro obligatsiyalari BRM obligatsiyalari dasturi doirasida chiqarildi va joylashtirildi. BRM obligatsiyalari dasturi qarz mablag‘laridan foydalanishda shaffoflik, hisobdorlikni oshirish hamda taraqqiyotga ta’sirini baholashni ko’zda tutadi.
Ikki kunlik salohiyatni oshirishga qaratilgan seminar davomida ishtirokchilar O’zbekistonning “BRM obligatsiyalar dasturi” bilan tanishib xalqaro standartlarga muvofiq ravishda obligatsiyalardan tushgan mablag’lardan foydalanish, joylashtirish, kuzatib borish va boshqarish masalalarini hamda BRM obligatsiyalarini chiqarishning ijobiy jihatlarini muhokama qilib, mamlakatning barqaror rivojlanish sari qo’yilishi mumkin bo’lgan keyingi qadamlarini ko’rib chiqdilar.
O’zbekiston Respublikasining BRM obligatsiyalari mamlakatning 2030-yilga qadar “Barqaror rivojlanish maqsadlariga” erishishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirishda xalqaro xususiy kapitalni jalb qilishdagi innovatsion mexanizmlardan biri hisoblanadi. Moliya vazirligi BMTTD bilan birgalikda quyidagi maqsadlarni amalga oshirishda bevosita hamkorlik qilib boradilar:
tanlangan loyihalar bo‘yicha joylarda tekshiruvlar o’tkazish; chiqarilayotgan suveren xalqaro obligatsiyalarni BRMlar bilan muvofiqlashtirishda hamda davlat tomonidan jalb etilgan moliya mablag’laridan foydalanishda jamoatchilik va investorlar oldida shaffoflik va hisobdorlikni oshirish.
Mazkur seminarlar tegishli vazirlik va idoralar vakillariga Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) obligatsiyalarni tadbiq etishda kerakli bo’lgan bilimni ulashishga xizmat qiladi.
Prezentatsiyalarni yuklab olish: https://www.mf.uz/media/file_uz/davlat_karzi/2021/nashrlar/17_08_2021_seminar_uz.pdf
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi