Yevroosiyo hukumatlararo kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi 20-avgust kuni Cho‘lponota shahriga tashrif buyurdi.
Dastlab, delegatsiyalar rahbarlari Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov qabulida bo‘ldi.
Uchrashuvda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida asosiy e'tiborni savdo-iqtisodiy, transport-logistika, turizm sohalarini rivojlantirishga qaratish lozimligi, Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda mazkur formatdagi muloqot muhim ahamiyatga egaligi ta'kidlandi.
Shundan so‘ng, hukumatlar delegatsiyalari rahbarlarining kengaytirilgan tarkibda muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston tomoni kuzatuvchi davlat maqomi O‘zbekistonga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi integratsiya jarayonlarini xolislik bilan va har tomonlama o‘rganish, yanada yaqin hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochish imkonini berishini ta'kidladi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo mamlakatlar bilan iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlarida qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, koronavirus pandemiyasi davrida o‘zaro tajriba almashish va hamkorlikni kuchaytirish taklif etildi.
Markaziy Osiyo mintaqasida transport imkoniyatlaridan keng foydalanish tashabbusi ilgari surildi. Mazkur sohani raqamlashtirish mamlakatlar salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Matbuot xizmati