O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
"Mehr daftari"ga kimlar kiritiladi?
2021-08-19 | Jamiyat
“Mehr daftari” tizimi doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etiladi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ishtirokidagi brifingda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Prezidentimizning joriy yil 30-iyuldagi “Kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlarini kiyim-bosh to‘plamlari, maktab formasi va o‘quv qurollari bilan ta’minlash maqsadida joriy yil avgustida “Temir daftar”ga kiritilgan, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 18 yoshga to‘lmagan har bir farzandiga, shuningdek, nogironligi bo‘lgan 18 yoshga to‘lmagan har bir bolaga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 500 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish belgilangan.
Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash va boshqa tegishli bo‘limlar, tijorat banklari vakillaridan iborat Ishchi guruhlar tuzilgan. Bunda fuqarolar yig‘inlari hamda sektorlar tegishli mas’ul tashkilot vakillari bilan birgalikda uyma-uy yurgan holda “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshga to‘lmagan bolalari ro‘yxatini shakllantiradi. Tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi biriktirilgan tijorat banklari bilan birgalikda moddiy yordam pullarini fuqarolarga naqd pul shaklida yetkazish yoki bank plastik kartalariga o‘tkazilishini ta’minlaydi. Bir martalik moddiy yordam pullarining naqd pul shakli “Xalq banki”ning sayyor kassalari tomonidan pensiya va nafaqalar bilan bir vaqtda yetkazib beriladi. Ushbu pul mablag‘lari fuqarolar tomonidan qabul qilib olinganda yoki bank plastik kartalariga o‘tkazilgandan so‘ng fuqarolarning telefon raqamlariga bu haqida xabar yuboriladi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida moddiy yordam mablag‘larini yurtdoshlarimizga manzilli yetkazish bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda aytishim mumkinki, oilangiz “Temir daftar”ga kiritilgan va ma’lum toifaga mansub bo‘lsa, oiladagi bolalar sonidan kelib chiqqan holda mazkur oilalarga tegishli moddiy yordam ko‘rsatiladi. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 9-avgustdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorida “Mehribonlik uyi”, Bolalar shaharchalari, oilaviy bolalar uylari va Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi Bolalar uylari tarbiyalanuvchilarining muammolarini o‘rganish hamda hal etish, ularning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish maqsadida “Mehr daftari” tizimi joriy etilishi belgilangan.
Shuningdek, ushbu qaror asosida yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni farzandlikka, vasiylikka (homiylikka, patronatga) oladigan oilalarda tarbiyalash tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi va buning uchun turli rag‘batlantirish choralari ko‘riladi. Bolalarning ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lishining sabablari o‘rganiladi va aniqlangan muammolar tizimli ravishda bartaraf etiladi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi “Mehribonlik uyi” va boshqa o‘quv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan, vasiylikka, homiylikka va oilaga tarbiyaga olingan (patronat) qizlarning ta’lim-tarbiyasi, ularni balog‘atga, turmushga tayyorlash ishlariga mas’ul etib belgilandi. Unga ko‘ra, vazirlik tomonidan shu toifadagi qizlarning ijtimoiy holati doimiy o‘rganib boriladi. Shuningdek, ushbu qizlar “Mehr daftari”ga kiritilib, ularni qiynayotgan masalalar joyida hal etiladi, keyingi hayotlarida o‘z o‘rinlarini topishlariga har tomonlama ko‘mak beriladi.
Ayni paytda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida zarur ishlar olib borilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Milliy gvardiyaning mas’ul mutaxassislari, “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bilan birgalikda o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining muammolarini o‘rganish hamda hal etish, ularning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish bo‘yicha “Mehr daftari” anketa so‘rovnoma loyihasi ishlab chiqildi. Shuningdek, “Mehr daftari”ni yuritish orqali nogironligi bo‘lgan, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan hamda yetim bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha yangi tartib loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu loyihalar belgilangan tartibda tegishli vazirlik, idoralar va rahbariyat bilan kelishilgandan so‘ng amaliyotga joriy etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva
Manba: O'zA