O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi hududidagi uran merosi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish bo‘yicha grant loyihasi doirasidagi muzokaralar
2021-08-19 | Ekologiya
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi hududidagi uran merosi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining grant loyihasini amalga oshirish masalasiga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur loyiha 2022-2024 yillar davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 7 mln. AQSh dollaridan ortiq grant mablag‘lari ajratiladi.
Uchrashuvda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining vakili hamda Loyihani boshqarish guruhi uchun jalb qilingan «G.E.O.S. Ingenieurgesellschaft mbH» (Germaniya) kompaniyasining konsultantlari ishtirok etdi.
Muzokaralar doirasida xorijiy konsultantlar bilan loyiha doirasida amalga oshiriladigan O‘zbekiston hududidagi uran merosi bilan bog‘liq muammolarning hal etish yuzasidan, xususan, bu kabi ob’ektlarni ekologik qayta tiklash, sog‘lomlashtirish va rekultivatsiya qilish hamda aholi salomatligi va atrof-muhitga xavfning kamaytirishga erishish maqsadida olib boriladigan zarur chora-tadbirlar bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, tadbir davomida tomonlar grant loyihasini amalga oshirishning tashkiliy jihatlari, jumladan tegishli bitim va huquqiy hujjatlarni kelishish va imzolash kabi masalalarni muhokama qildilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi