O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yaponiya bilan ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yana-da faollashtirish masalalari muhokama qilindi
2021-08-18 | Ta’lim
O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi vakillari va mamlakatimiz Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirining birinchi o‘rinbosari K.Karimov o‘rtasida videokonferensiya aloqasi vositasidagi muloqot uyushtirildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil dekabr oyida Yaponiyaga buyurgan oliy darajadagi tashrifi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan “Yo‘l xaritasi” bandlarining sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi, Yaponiya universitetlari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan taʼlim sohasidagi hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish masalalari muhokama etildi.
Xususan, respublikaga 15 nafar yapon professori va 50 nafar yapon talabasini qisqa muddatga taklif qilish, Yaponiya universitetlari bilan O‘zbekiston va Yaponiya rektorlarining navbatdagi 4-forumini o‘tkazish, ikki mamlakat universitetlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning huquqiy zaminini inventarizatsiya qilish hamda Yaponiyaning ilg‘or oliy taʼlim muassalari bilan birga respublikamizda qo‘shma universitet tashkil etish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuv intihosida mavjud muammolarni tezkorlikda hal etish va taʼlim sohasidagi O‘zbekiston - Yaponiya hamkorligini yana-da faollashtirishning muntazam mexanizmini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi