O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Konferensiya tinchlikni mustahkamlash va barqaror rivojlanish uchun yangi imkoniyatlarni ochadi
2021-08-18 | Siyosat
“Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi: poydevori, istiqbollari, geostrategik ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur konferensiya joriy yil iyul oyida Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya yakuni, unda belgilangan maqsad va vazifalar ijrosi, amaliy harakatlarga bag‘ishlandi.
Toshkent konferensiyasining mintaqani rivojlantirishdagi amaliy ahamiyati, mamlakatimiz tomonidan ilgari surilgan yangi taklif va tashabbuslar haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq SAFOEV bilan suhbatlashdik.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi Toshkent xalqaro konferensiyasining ahamiyatli jihati, unda bildirilgan taklif va tashabbuslar haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
– Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga kecha bergan intervyusida qayd etganidek, xalqaro konferensiyada mamlakatimiz tomonidan ilgari surilgan yangi taklif va tashabbuslar nafaqat ushbu bepoyon mintaqa davlatlarida, balki jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otdi. Konferensiya Toshkent ruhini yana bir karra namoyon etdi.
Birinchidan, u Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi siyosat va xalqaro iqtisodiy aloqalar borasidagi yangi geostrategik nazarini aks ettirdi. So‘ngi bir necha asrda ilk bor mintaqa o‘zi uchun ustuvor yo‘nalish sifatida shakllanayotgan yangi muhim mintaqani belgiladi –bu Janubiy Osiyo.
Ikkinchidan, Toshkentda bunday keng qamrovli va o‘ta nufuzli xalqaro tadbir tashkil etilishi va muvaffaqiyatli o‘tkazilishi yangi geosiyosiy voqelikni namoyish qildi. So‘nggi yillarda butun dunyoda ta’siri va obro‘yi tobora ortib borayotgan davlat – yangi O‘zbekiston paydo bo‘ldi.
Anjuman ishida nafaqat Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari mamlakatlari, shuningdek, dunyoning eng yirik davlatlari shtirokini ta’minlash, balki ularning nuqtai nazarlarini muvofiqlashtirishga muvaffaq bo‘lindi. Bu kamdan-kam mamlakatlar uddalay oladigan natijadir. Uning zamirida O‘zbekiston Prezidentining xalqaro mikyosda katta obro‘ga ega zamonamizning arbobi sifatida e’tirof etilgani yotadi.
Konferensiya nufuzini shu yaqqol ko‘rsatdiki, uning ishida 40dan ortiq mamlakat va xalqaro tashkilotning 250dan ziyod nufuzli vakili ishtirok etdi. E’tiborlisi, davlat va hukumat, tashqi siyosiy idoralar rahbarlari bilan birga tadbir ishida ko‘p mamlakatlardan kelgan parlament a’zolari ishtirok etdi. Bu albatta, mintaqa davlatlarida vakillik hokimiyati organlarining tutgan o‘rni, shu jumladan, xalqaro aloqalar masalalarida tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Uchinchidan, mintaqaning barcha davlatlarining sa’y-harakati tufayli so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda yuz bergan tub o‘zgarishlarsiz ushbu anjumanni tashkil etish imkonsiz bo‘lar edi.
Mintaqamizda o‘zaro ishonch va muammolarni birgalikda hal etishga intilish yuzaga keldi, o‘zaro savdo hajmi sezilarli darajada o‘sdi. O‘tgan 4 yil mobaynida O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar bilan savdo aylanmasi 5 barobar oshdi. Vujudga kelgan yangi siyosiy muhit Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish uchun shart-sharoit yaratadi.
To‘rtinchidan, bugun Janubiy Osiyo yangicha qiyofa kasb etmoqda. Uning jahon iqtisodiyotidagi roli ham ortib boryapti. Bu yalpi ichki mahsuloti deyarli 3,5 trillion dollarni tashkil etuvchi jadal rivojlanayotgan mintaqadir. Mintaqa jahonning iqtisodiy markazlaridan biriga aylanmoqda.
Shu bois, konferensiya g‘oyalarni amalga oshirish 2 milliarddan ortiq nufusga ega, sayyoramiz xavfsizligi va barqaror rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatadigan ulkan makromintaqa rivojlanishiga kuchli ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan.
Bularning barchasi ushbu konferensiyani chaqirish tashabbusi o‘ta dolzarbligidan va u o‘z vaqtida o‘tkazilganidan dalolat beradi. Shak-shubha yo‘qki, konferensiya mintaqada va qo‘shni hududlarda tinchlikni mustahkamlash va barqaror rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.
– So‘nggi kunlarda Afg‘oniston zaminida yuz bergan keskin o‘zgarishlar yana bir bor Toshkent konferensiyasi kun tartibiga kiritilgan masalalar, unda ilgari surilgan tashabuslar naqadar muhimligini yaqqol isbotladi. Bu haqda fikringiz qanday?
– Avvalom shuni ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Afg‘onistonning yaqin qo‘shnisi sifatida bu mamlakatda tezroq tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishidan manfaatdordir. Buni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusida yana bir urg‘u berib qayd etdi.
Shu kunlarda biz barchamiz yana bir bor shunga amin bo‘ldikki mintaqalarimiz va alohida mamlakatlarda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanishni ta’minlash – dolzarb masaladir. Ushbu maqsadga erishish, birinchi navbatda bu yerda xalqaro ko‘p tomonlama va ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish, o‘zaro ishonchni mustahkamlashni taqozo etadi.
Hech shubxasiz, Afg‘onistondagi vaziyat yechimi ko‘p jihatdan ko‘shni mamlakatlarning yondashuviga ham bog‘liq. Shu bois, bu boradagi turli darajadagi siyosiy muloqot tizimli va muntazam xarakterga ega bo‘lmog‘i lozim.Barcha chegaradosh davlatlar, ushbu murakkab vaziyatda, afg‘on xalqiga tinchlikni o‘rnatish, gumanitar halokatning oldini olishda bevosita va amaliy yordam ko‘rsatmog‘i lozim.
Shu jumladan, parlamentariylar bu jarayondan chetda turmasligi lozim. Xalqlar vakillari sifatida ular sodir bo‘layotgan jarayonlarga nisbatan aniq pozitsiya, o‘z yondashuvlarini ishlab chiqib, jafokash Afg‘on xalqiga tinch va osoyishta hayot qurishda ko‘mak berish yo‘llarini izlamoqlari kerak. Bu borada “xalq diplomatiyasi” resurslarini ishga solish, madaniy va gumanitar aloqalarni kengaytirish maqsadga muvofiqdir.
Albatta, ilmiy hamjamiyat, olim va mutaxassislar so‘nggi hodisalar saboqlari, vaziyat genezisi va kelajakdagi rivojlanish ssenariyariga oid izlanishlarni faollashtirishi kerak.
Afg‘onistonda tinchlikni o‘rnatish, avvalambor nobarqarorlikning asosiy ildizlari – ijtimoiy, iqtisodiy muammolarning yechimini, kambag‘allik va qashshoqlikni keskin qisqartirishni taqozo etadi. Bu esa, o‘z navbatida, bu mamlakatda yirik iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishni, salmoqli xorijiy investitsiyalar oqimini ta’minlashni talab qiladi.
Buning uchun ham Afg‘onistonnig o‘zida, ham uning atrof-tevaragida huquqiy, me’yoriy, institutsional shart-sharoitlarni yaratish lozim. Aminmanki, bugungi kundagi Afg‘onistondagi inqiroz mintaqaviy loyihalarni, birinchi navbatta, iqtisodiy infrastruktura va transport yo‘laklari bilan bog‘liq rejalarni uzoq kelajakka qoldirish uchun asos bo‘lmasligi kerak. Aksincha, aynan iqtisodiy rivoj, Afg‘onistonni mintaqaviy va jahon bozorlari bilan bog‘lash, bu mamlakatda tinchlik o‘rnatishning hal qiluvchi omilidir.
O‘zbekiston Prezidenti xalqaro konferensiyadagi nutqida Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni tiklash Afg‘oniston, Markaziy Osiyo davlatlari uchun iqtisodiy taraqqiyotga erishishning muhim omili ekani, bu mintaqa xalqlari farovonligini mustahkamlash imkonini berishini ilmiy jihatdan chuqur isbotlab berdi.
– Toshkent konferensiyasi maqsadlariga erishishda parlament diplomatiyasini qanday baholaysiz?
– Konferensiya yakunida qabul qilingan mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotda Janubiy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikning umumiy asosiy tamoyillari shakllantirilgan. Bu hukumatlar, parlamentlar, tadbirkorlar, ilm-fan va madaniyat vakillari o‘rtasida muntazam aloqalarni kengaytirishni nazarda tutadi.
Konferensiya maqsadlariga erishish parlament diplomatiyasi resurslaridan faol foydalanishni talab qiladi. Parlament a’zolari mintaqalarning salohiyatini birlashtirishga ko‘maklashishlari mumkin va buni amalga oshirishi kerak.
Bunda alohida e’tibor quyidagi yo‘nalishlarga qaratilmog‘i kerak deb hisoblaymiz.
Bizning davrimiz – ochiq, ommaviy jamoat fikriga tayangan diplomatiya davridir. Bu tashqi siyosat muvaffaqiyatining garovidir. Ayniqsa, biz bugun muhokama qilayotgan geostrategik burilish kabi masalalarning tub mohiyati, ularning xalqlarimiz farovonligi uchun tutgan amaliy ahamiyatini mamlakatlarimiz keng jamoatchiligiga yetkazish katta ahamiyat kasb etadi.
Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari parlamentlari o‘rtasida aloqalarni izchil rivojlantirish, parlamentlararo muloqotni mintaqa davlatlari o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlovchi muhim omil sifatida yanada jadallashtirish lozim. Bu borad, parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatini jadallashtirish joizdir.
Mintaqalarni bog‘lovchi tranzit va logistika tarmoqlarini rivojlantirish, savdo va investitsiyalar, turizm va madaniy sohadagi masalalarini parlamentlararo darajada ilgari surish, buning huquqiy poydevorini barpo etish va takomillashtirish o‘ta muhimdir.
Xalqaro bank-moliya faoliyati, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ilm-fan hamda madaniyat masalalari bo‘yicha erishilgan kelushuvlarni ro‘yobga chiqarish borasida parlament nazoratini amalga oshirish darkor.
BMT Bosh Assambleyasining Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish bo‘yicha tashabbusni parlamentlararo darajada ilgari surish muhim masaladir.
Prezidentimiz o‘z nutqida ta’kidlaganidek, bizning oldimizda Markaziy va Janubiy Osiyo, umuman, butun Yevroosiyo mintaqasini barqaror, iqtisodiy rivojlangan farovon hududga aylantirish vazifasi turibdi. Toshkent xalqaro konferensiyasi O‘zbekistonning ushbu maqsadiga erishishi uchun muhim zamin yaratdi.
Manba: O'zA