O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sportchilarimizning salomatligi har narsadan muhim
2021-08-18 | Sport
Bugun Keniyaning Nayrobi shahrida 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida yengil atletika bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati boshlandi.
22-avgustgacha davom etadigan dunyo birinchligida epidemiologik vaziyat sababli ko‘plab davlatlarning yengil atletikachilari ishtirok etmayotgan bo‘lsa, AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Germaniya kabi mamlakatlar yetakchi sportchilarsiz Nayrobi bahslarida qatnashmoqda.
Biz ushbu jahon birinchiligida mamlakatimiz sportchilari ishtiroki xususida O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi raisi Andrey Abduvaliyevga murojaat etdik.
–Tokio olimpiadasi yakunlanishi bilan bir qator sport turlarida jahon chempionatlari, xalqaro turnirlar boshlanib ketdi. Xususan, Keniyada yengil atletika bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston yengil atletikachilari ushbu nufuzli musobaqada qatnashmayotganligining sababi nimada?
–Ushbu jahon birinchiligi aslida bundan bir yil muqaddam o‘tkazilishi kerak edi. "Kovid-19" kasalligi sababli chempionat bir yilga kechiktirildi. Kechiktirilganda ham aynan Tokio olimpidasi yakunlanishi bilan boshlanishi belgilandi. Bu so‘zsiz xorijga chiqish vizalarini rasmiylashtirish, kerakli mablag‘larni yo‘naltirish uchun o‘ta tig‘iz ko‘rinish oldi.
–Demak, sportchilarimizning Keniyaga borolmaganligining asosiy sababi vaqt va mablag‘ bilan bog‘liq ekan-da?
–Yo‘q, albatta. Davlatimiz tomonidan, qolaversa, 2021-yilgi sport taqvim rejasiga asosan barcha masalalar hal etilgandi. Biroq mazkur jahon chempionati dasturiga binoan musobaqalarda qatnashadigan, Keniyaga boradigan sportchilar 4 ta vaksina olgan bo‘lishi lozimligi belgilangan. Bundan tashqari, jahon chempionati tashkiliy qo‘mitasi ishtirokchi davlatlar sportchilariining sog‘ligi va xavfsizligi kafolatlanmasligi, kerakli tibbiy yordam ko‘rsatilishi ta’minlanmasligini bildirgan. Qolaversa, hozir butun dunyoda bo‘lgani kabi Keniya aholisi ham chuqur epidemiologik vaziyatni boshdan kechirmoqda. Shu sababli sportchilarimizning salomatligini birinchi o‘ringa qo‘ygan holda yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar kengashi jahon chempionatida ishtirok etmaslikni maqsadga muvofiq, deb topdi.
–Jahon chempionatida MDH davlatlari terma jamoalarining ishtiroki qanday?
–Xalqaro yengil atletika federatsiyasi saytida keltirilishicha, ushbu jahon chempionati eng kam ishtirokchi bilan o‘tkazilmoqda. Qo‘shni davlatlar– Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston vakillari ham O‘zbekistonning yo‘lini tanladi. Rossiyaning 10 nafar yengil atletikachisi jahon chempionatida mamlakat olimpiya qo‘mitasi bayrog‘i ostida qatnashmoqda. Shuningdek, 23 nafar rossiyalik sportchi mustaqil tarzda ishtirok etmoqda. Avvalgi dunyo birinchiliklarida ruslar hamisha kamida 50 nafarga yaqin sportchi bilan qatnashib kelgan. Umuman, Xalqaro yengil atletika federatsiyasi mazkur jahon chempionatining vaqtini belgilashda xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish normativlariga rioya etmaganligi dunyodagi yengil atletika sporti ekspertlari tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Axir, endigina olimpiya o‘yinlari yakunlangan bo‘lsa-yu aynan olimp bahslarida qatnashgan sportchi va murabbiylar, mutaxassislar qanday qilib yana bir nufuzli bahslarga kirishishi mumkin?
–Bundan chiqdi Keniya bahslari u qadar qiziqarli va shiddatli tus olmaydi deganimi bu?
–Yo‘q. Aslida, har qanday yengil atletika musobaqasi hamisha shiddatlarga boy bo‘ladi. Keniya bahslari ham bundan mustasno emas. Eng qizig‘i, ushbu jahon chempionatida mezbonlar 52 ta sportchi bilan qatnashmoqda. Umuman olganda, ushbu jahon chempionati epidemiologik murakkab davrga qaramasdan o‘tkazilayotganligi bilan ahamiyatlidir.
Manba: O'zA