Iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish, davlat boshqaruvi va xalqaro hamkorlik samaradorligini oshirish chora-tadbirlarining “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi R-5679-son Farmoyishi bilan “Iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish, davlat boshqaruvi va xalqaro hamkorlik samaradorligini oshirish chora-tadbirlarining “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Hujjatda o‘rta muddatli iqtisodiy islohotlar dasturini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish mexanizmlari, davlat boshqaruvi sifatini oshirish, davlat va fuqarolar o‘rtasidagi ichki kommunikatsiyalar va o‘zaro munosabatlar tizimini takomillashtirish, shuningdek, xalqaro maydonda O‘zbekiston imidjini mustahkamlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Xususan, “Yo‘l xaritasi” 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan mamlakat milliy rivojlanish strategiyasini, moliyaviy bozorlar va kapital bozorini rivojlantirish strategiyasini, turli tarmoqlar va hududlarni rivojlantirishning afzalliklari va o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan sanoat siyosatini ishlab chiqish, qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish, davlat korxonalarini xususiylashtirish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, koviddan keyingi davrda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, huquqiy tizimni takomillashtirish va investitsiya muhitini yaxshilash, davlat xizmatchilarining salohiyati va malakasini oshirish hamda boshqa chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish mas'ul vazirlik va idoralar tomonidan Strategik rivojlanish agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi S.Chakrabarti bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiriladi.
Bu islohotlarning muvaffaqiyatli hayotga tatbiq etilishi mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini sezilarli darajada oshirish hamda uning sanoat salohiyatidan to‘liq foydalanishga imkon beradi, shuningdek, O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashga zamin yaratadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi