O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda «Markaziy va Janubiy Osiyo o‘zaro bog‘liqligi: poydevori, istiqbollari, geostrategik ahamiyati»mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi
2021-08-18 | Siyosat
Bugun Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida «Markaziy va Janubiy Osiyo o‘zaro bog‘liqligi: poydevori, istiqbollari, geostrategik ahamiyati» mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.
Tadbirni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev kirish so‘zi bilan ochdi.
Joriy yil 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqliq. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiya savdo, iqtisodiyot, transport, aloqa, madaniyat va gumanitar hamkorlik sohasidagi o‘zaro manfaatli strategik loyihalarni ishlab chiqish uchun global platformaga aylangani qayd etildi.
Onlayn va oflayn shakllarda o‘tkazilayotgan konferensiyada O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining tashqi ishlar vazirliklari va parlamentlari vakillari, taniqli olim va ekspertlar ishtirok etmoqda.
Avval xabar qilinganidek, tadbir O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tomonidan Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi hamda Markaziy Osiyo xalqaro instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi