O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Paralimpiyachilarimiz Tokioda yangi zafarlar qo‘chishiga ishonamiz
2021-08-16 | Sport
Joriy yilning 24 avgust – 5 sentyabr kunlari Yaponiya poytaxti Tokio shahrida XVI yozgi Paralimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Unda sayyoramizning turli hududlaridan kelgan 5 mingga yaqin paraatlet 540 ta medallar to‘plami uchun kurash olib boradi. Mazkur to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida o‘zbekistonlik paralimpiyachilar ilk bor 8 ta sport turi bo‘yicha raqobatga kirishadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarning bilim olishi, sport bilan shug‘ullanishi uchun keng sharoit yaratilgani, ular orasidan yuksak iqtidorli paralimpiyachilar kamol topishida muhim o‘rin tutmoqda. Buning natijasida paralimpiyachilarimiz sport olamining nufuzli musobaqalarida – Paralimpiya va Paraosiyo o‘yinlari, qit’a va jahon chempionatlarida ulkan g‘alabalarni qo‘lga kiritmoqda.
Davlatimiz rahbarining O‘zbekistonda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini ta’minlash va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori paralimpiya harakatini yanada ommalashtirish, ularning nufuzli musobaqalarda yuksak natijalar qayd etishi uchun muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Qaror asosida O‘zbekiston paralimpiya qo‘mitasi paralimpiya harakatini yanada ommalashtirish borasida samarali ishlarni olib bormoqda. Qo‘mita hududlarda paralimpiya markazlari, sport turlariga ixtisoslashgan maxsus institut tashkil etish, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida paralimpiya fakulteti ochilishi, undan tashqari yurtimizdagi barcha bolalar va o‘smirlar sport maktablari, Olimpiya zaxiralari kollejlarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lganlar insonlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoitlar yaratish, paralimpiya sport turlari geografiyasini yanada kengaytirish shular jumlasidandir.
Ushbu sa’y- harakatlar natijasida paralimpiyachilarimiz XVI yozgi Paralimpiya o‘yinlarida sportimiz tarixida ilk marotaba 8ta sport turi – para yengil atletika, para suzish, para dzyudo, para taekvondo, para o‘q otish, para pauerlifting, para kanoe va para eshkak eshish bo‘yicha ishtirok etmoqda. Shuningdek, qo‘mita tomonidan 2024-yili Fransiya poytaxti Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlarida 5x5 futbol, stol tennisi velosport, ot sporti, qilichbozlik hamda triatlon sport turlari bo‘yicha yo‘llanmalarni qo‘lga kiritish kabi muhim vazifalar belgilandi.
Hozir dunyo sport ixlosmandlari “Tokio-2020” Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng XVI yozgi Paralimpiya o‘yinlarini intiqlik bilan kutmoqda.
Paralimpiyachilarimiz Prezidentimizning 2017-yil 9-martdagi “O‘zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahri (Yaponiya)da bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi, joriy yilning 25-iyunidagi “2021-yilda Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi olimpiya va XVI paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasining ishtirokini ta’minlash hamda olimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq Paralimpiya o‘yinlariga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda.
Poytaxtimizda qad rostlagan va xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy «Olimpiya va Paralimpiya sportchilarini tayyorlash markazi»da, tog‘ va tog‘ oldida joylashgan sport bazalarda sportchilarning zamonaviy me’yorlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi, tajriba va mahoratini oshirishi, Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlanishi va ularda munosib qatnashishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.
Shuningdek, paralimpiyachilarimiz sport turlari bo‘yicha mahsus kiyim, sport anjomlari bilan ham ta’minlandi. Ularning salomatliklarini tiklash, jismoniy holatlarini bir maromda ushlash va mashg‘ulotlarni karantin qoidalariga mos ravishda tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston paralimpiya qo‘mitasi va sport federatsiyalari(assotsiatsiyalar) barcha imkoniyatlarni yaratdi.
Paralimpiyachilarimiz bunday imkoniyatlardan foydalanib, tinimsiz shug‘ullanmoqda. Bu esa, albatta, Tokioda bo‘lib o‘tadigan XVI Paralimpiya o‘yinlarida o‘z natijasini ko‘rsatadi.
Manba: O'zA