O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tadbirkorlarning birorta murojaati e'tibordan chetda qolmaydi
2021-08-13 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar va investorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida tadbirkorlar murojaatlarini qabul qilish va tahlil etish Shtabi faoliyatiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda 30 dan ortiq jurnalist va OAV vakillari ishtirok etdi.
Brifing davomida investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari A.Voitov Shtab faoliyati va uning joriy natijalari haqida batafsil ma'lumot berdi.
Shu yilning 20-iyulidan 10-avgustiga qadar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman va Bosh vazir qabulxonasi koll-markazlari mutaxassislari tomonidan tadbirkorlar murojaatlari tunu kun qabul qilindi.
Murojaatlarni, shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardagi rasmiy sahifalari orqali ham yuborilishi mumkin edi.
Kelib tushgan murojaatlar ustida vazirlik hamda idoralar xodimlari va ekspertlaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan ish olib borildi. Shu kabi guruhlar mamlakatning har bir viloyatida faoliyat yuritdi.
Shtab faoliyati davomida jami 15 309 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 13 941 tasini xususiy xarakterdagi masalalar tashkil etdi.
Shtab mutaxassislari kelib tushgan murojaatlarning batafsil o‘rganilishini nazorat qilmoqda.
Viloyatlar kesimida eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahri (1 564), Surxondaryo (1 395), Toshkent (1 357), Qashqadaryo (1 288) va Farg‘ona (1 250) viloyatlaridan kelib tushgan.
Bugungi kunga kelib tushgan murojaatlarning 81,1 foizi ustida ish olib borildi. Shtab xodimlari aniqlangan har bir masalani hal etish bo‘yicha faol ish olib bormoqda, bu esa tadbirkorlarning birorta ham muammosi e'tibordan chetda qolmaydi degan xulosaga kelishga sabab bo‘lmoqda.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Shtab faoliyatini yoritish bo‘yicha brifinglar muntazam ravishda o‘tkaziladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi