O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Krasnoyarskda Surxon brendi bilan meva-sabzavotlar sotiladi
2021-08-13 | Siyosat
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov boshchiligidagi Termiz shahri va qator tumanlar hokimlari, tadbirkorlar, shifokorlardan iborat delegatsiyaning Rossiya Federativ Respublikasiga xizmat safari davom etmoqda.
Viloyat hokimining axborot xizmatidan xabar qilinishicha, delegatsiya a’zolari Krasnoyarsk o‘lkasida bo‘lib, iqtisodiy-ijtimoiy, investitsiyaviy, madaniy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalarini muhokama qilgan.
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori Aleksandr Uss bilan uchrashuvida so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Rossiya davlatlari o‘rtasida har taraflama o‘zaro do‘stlik, hamkorlik rishtalari yangi bosqichda yuksalib borayotgani alohida ta’kidlandi. Mazkur safar ham Krasnoyarsk o‘lkasi va Surxondaryo viloyati o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi xususida atroflicha fikr almashildi. Savdo, sanoat, tibbiyot va boshqa sohalarda yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Delegatsiya a’zolari Krasnoyarsk savdo-sanoat palatasi, yirik sanoat korxonalari va tibbiyot muassasalari faoliyati bilan tanishdi. Krasnoyarsklik tadbirkorlar Surxondaryoda yetishtirilayotgan servitamin qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Surxon brendi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish, reklama qilish taklifini ilgari surib, o‘lkada yirik savdo do‘konlari va shourumlar ochishga tayyor ekanini bildirdi. Memorandumlar imzolandi. Shuningdek, tadbirkorlar Krasnoyarsk shahridagi supermarketlarda vohada yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini sotish uchun shartnomalar tuzdi.
Krasnoyarsk shahridagi tibbiyot muassasalarida bemorlarni davolash jarayonlari va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan tanishdi. Yurak, qon-tomir kasalliklarining murakkab jarrohlik amaliyotlarini hamkorlikda o‘tkazish, onkologik kasalliklarni birgalikda davolash, o‘zaro tajriba almashish va yosh shifokorlarning Krasnoyarsk o‘lkasidagi shifoxonalarda malaka oshirishi yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
–Keyingi yillarda Rosssiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichda rivojlanmoqda, – deydi Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Krasnoyarsk o‘lkasidagi vakolatxonasi rahbari Artyom Zaharov. – Surxondaryo viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish g‘oyasi ham ana shunday ezgu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Biz bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, iqtisodiy va boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlik rishtalari mustahkam jipslashib borayotganini alohida qayd etamiz. Bu hududlarning iqtisodiyot, investitsiya, ta’lim, tibbiyot, madaniyat kabi sohalardagi ishonchli hamkorligini yanada mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Surxondaryo viloyati hokimi va Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatorining uchrashuvi samarali kechgani ham bunga yaqqol dalildir. O‘lka bilan tanishish chog‘ida surxondaryoliklar ikki tomon uchun ham manfaatli ko‘plab takliflarni ilgari surdi. Ularning quyosh nuriga to‘yingan, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan o‘lkani ta’minlash, hamkorlikda ishlab chiqarish korxonalari barpo etish, tibbiyot sohasida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash kabi takliflari qo‘llab-quvvatlandi. Bu kelishuvlarning tez orada o‘z samaralarini berishiga ishonamiz.
Uchrashuvlarda Krasnoyarsk o‘lkasi mutasaddilari O‘zbekistondan borib, hududda ishlayotgan mehnat migrantlarining Mustaqillik, Navro‘z kabi milliy bayramlarimizni munosib nishonlashi uchun barcha sharoitni yaratib, bayram tadbirlarini tashkil etishga tayyor ekanliklarini ham ma’lum qildi.
Manba: O'zA