O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buxoro viloyati 3-sektor rahbari, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i Shuxrat Aliev Shofirkon tumanida sayyor qabul o'tkazdi
2021-08-12 | Jamiyat
Joriy yilning 23-iyul kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida “Aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini mutlaqo yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari”ga bag'ishlangan kengaytirilgan videoselektor yig'ilishi o'tkazildi.
Ushbu yig'ilishda davlatimiz rahbari tomonidan barcha vazirlik va idoralarga aholi murojaatlari bilan ishlash, ularning muammolarini hal etish, hududlarda mavjud ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa muammolarni bartaraf etish borasida qator vazifalar belgilab berilib, murojaatlar bilan ishlashning yangi tizimi joriy etildi.
Mazkur yig'ilishda berilgan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida ham jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish bo'yicha kunlik rejalar ishlab chiqilib, boshqarmaning o'zida, bundan tashqari viloyatning 3-sektoriga qarashli G'ijduvon, Shofirkon va Vobkent tumanlari, shuningdek qolgan barcha shahar va tumanlarning 3-sektorlariga qarashli mahallalarida har kuni jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish ishlari yo'lga qo'yildi.
Bunda asosiy e'tibor, yillab yoki oylar davomida echimini topmayotgan yoxud huquqiy maslahat berish orqali hal etilgan murojaatlarga qaratilib, ular qayta taftishdan o'tkazilib, qo'shimcha o'rganish uchun ish yurituviga olingan holda murojaatlarni ijobiy hal etish choralari ko'rilmoqda.
Xuddi shu maqsadda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i Shuxrat Alievning navbatdagi sayyor qabuli joriy yilning 11 avgust kuni Shofirkon tumani “Sharof Rashidov” mahallasida o'tkazildi.
Turli davlat idoralariga kelib tushgan va o'zining ijobiy echimini topmayotgan tuman aholisining 200 dan ortiq murojaatlari qayta taftishdan o'tkazilib, Buxoro viloyati 3-sektor ishchi guruhi a'zolari, Shofirkon tumani hokimi va sektor rahbarlari, viloyat hamda tuman mutasaddi idoralari mas'ullari ishtirokida birma-bir ko'rib chiqildi.
Ushbu murojaatlarning 130 dan ortig'i shu kunning o'zida o'z echimini topgan bo'lsa, 70 ga yaqin murojaatlar qo'shimcha o'rganish uchun tegishli davlat idoralariga yo'naltirilib, murojaatlar echimi bo'yicha chora-tadbirlar belgilagan holda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i hamda viloyat 3-sektor ishchi guruhining alohida nazoratiga olindi.
Aholi bilan bunday ochiq muloqotlarning samarasi o'laroq hududlarda aniqlangan ijtimoiy masalalarning aksariyati joyida bartaraf etilib, mahallalarni obodonlashtirish, ko'kalamzorlashtirish, yo'l, ichimlik va oqova suv hamda tabiy va suyultirilgan gaz ta'minoti bilan bog'liq va boshqa ijtimoiy muammolar o'z echimini topmoqda.
Manba: O‘zbеkiston Rеspublikаsi Ichki ishlаr vаzirligi