Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bugun Amerika Qo‘shma Shtatlari elchisi Deniel Rozenblyumni qabul qildi
Tashqi ishlar vazirligi manbasiga ko‘ra, suhbat chog‘ida O‘zbekiston-AQSh hamkorligining ayrim jihatlari va bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali ko‘rib chiqildi. Tomonlar, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuvda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) O‘zbekistondagi missiyasi rahbari etib tayinlangan Mikela Meridit va AQSh elchisining yangi o‘rinbosari Pol Polites ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, 4-avgust kuni Tashqi ishlar vazirligida narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik qilish to‘g‘risida O‘zbekiston-AQSh hukumatlararo hujjatlarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tgan edi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi