O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Auditorning malaka sertifikatini olish to‘g‘risida kelib tushgan arizalar va hujjatlar imtihon markaziga topshirildi
2021-08-12 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-avgustdagi “Auditorlarni sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5210-sonli qaroriga muvofiq 2021-yil 15-avgustdan boshlab Moliya vazirligining auditorlik malaka sertifikatini olish uchun imtihonlarini o‘tkazish, malaka sertifikatini berish hamda malakasini oshirish dasturini tasdiqlash funksiyalari auditorlarning respublika jamoat birlashmalariga o‘tkazilishi belgilangan.
Shundan kelib chiqqan holda, auditorlik malaka sertifikatini olishga talabgorlarning kelgusida malaka imtihonlarida ishtirok etishi uchun Moliya vazirligi tomonidan ularning hujjatlarini auditorlarning respublika jamoat birlashmalari tomonidan tashkil etiladigan imtihon markaziga taqdim etishi, mazkur qaror kuchga kirgunga qadar auditor malaka imtihoniga ruxsat olish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqqanlik uchun talabgorlar to‘lagan yig‘imlar summasini qaytarib o‘tkazib berishi belgilangan.
Bugungi kunga qadar Moliya vazirligiga talabgorlardan sertifikat olish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risida kelib tushgan jami arizalardan imtihonga kirishga ruxsat etilgan va malaka imtihonini topshirmasdan sertifikat oladigan talabgorlarning arizalari soni 214 tani tashkil etadi. 2021-yil 11-avgustda Vazirlikka mazkur arizalar bilan taqdim etilgan hujjatlar va kelib tushgan yig‘im summasi auditorlarning respublika jamoat birlashmalari-O‘zbekiston buxgalterlar va auditorlar milliy assosiasiyasi hamda O‘zbekiston auditorlar palatasi tomonidan birgalikda tashkil etilgan “Buxgalterlar va auditorlar imtihon markazi” ma'suliyati cheklangan jamiyati imtihon markaziga qabul qilish-topshirish dalolatnomasi asosida topshirildi.
Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari va imtihon markazi tomonidan mazkur talabgorlar uchun tashkil etiladigan dastlabki imtihon 2021-yil 25-avgust kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda. Talabgorlar auditorning malaka sertifikatini olish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish bo‘yicha to‘liq ma'lumot haqida auditorlarning respublika jamoat birlashmalariga va imtihon markaziga murojaat qilishlari mumkin.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi