O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Namanganda “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” aniqlandi
2021-08-12 | Jamiyat
Namangan shahridagi pedagogika kollejida mamlakatimiz maktabgacha ta’lim tizimida o‘tkazilayotgan “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi – 2021” Respublika kasbiy ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Tizimdagi ilm-ma’rifat va mahorat namoyishi natijalariga bag‘ishlangan ushbu tadbirda Namangan viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari G‘ulomjon Murodxo‘jayev davlatimiz rahbari tomonidan tubdan isloh etilgan maktabgacha ta’lim tizimining so‘nggi besh yillik samarali faoliyati haqida so‘z yuritar ekan, bu kabi tanlovlar sohadagi sifat tamoyilini yanada yaxshilashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan tarbiyachilarning kasbiy mahoratini takomillashtirish, ularning ilg‘or pedagogik texnologiyalar, shu jumladan, innovatsion usullardan samarali foydalanish bo‘yicha tajribalarini ommalashtirishga mazkur tanlovning ilk saralash bosqichlarida qariyb 2 ming 500 dan ziyod mutaxassis ishtirok etdi.
Tanlov ishtirokchilari “Eng yaxshi uslubchi tarbiyachi”, “Eng yaxshi ijodkor tarbiyachi”, “Innovatsion va axborat texnologiyalarni qo‘llaydigan eng yaxshi tarbiyachi”, “Eng yaxshi g‘oya muallifi”, “Mohir qo‘l ustasi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha bahs olib bordi.
Mazkur jarayonlarda g‘olib chiqqan 75 nafar mutaxassis mamlakat bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun tanlovning viloyat bosqichida bilim va ko‘nikmalarini sinab ko‘rdi. Ularning besh yo‘nalishda bajargan shartlarini talabchanlik bilan baholagan hakamlar hay’ati poytaxtda Namangan viloyati sharafini himoya qiladigan tarbiyachilar nomini aniqlab berdi.
Yakuniy xulosalarga ko‘ra, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 11-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Feruza Mamadaliyeva “Eng yaxshi metodist tarbiyachi”, Pop tumanidagi 14-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Komuna Burxonova “Eng yaxshi ijodkor tarbiyachi”, Chustdagi 51-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Marg‘uba Muxtorova “Innovatsion va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi tarbiyachi”, Chortoq tumanidagi 1-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Gulgina Abdulina, “Eng yaxshi g‘oya muallifi”, To‘raqo‘rg‘ondagi 15-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Nargiza Akbarova “Mohir qo‘l ustasi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib, deb topildi.
Namangan viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Hilola Yusupova tanlov g‘oliblariga diplom va sovg‘alarni topshirdi.
Manba: O'zA