O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
2021-yil birinchi yarmida 177 ming shoxobcha onlayn nazorat-kassa texnikasidan foydalanishga o‘tdi
2021-08-12 | Iqtisodiyot
Mamlakatimiz Prezidentining 2019-yil 6-sentabrdagi PF-5813-son farmoniga asosan savdo va xizmat ko‘rsatish sohasini yana-da erkinlashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy qilish hamda jamoatchilik nazoratini mustahkamlash maqsadida naqd pul tushumiga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida onlayn nazorat-kassa texnikasidan foydalanayotgan savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari soni 177 mingtani tashkil etgan. 2020-yilning mos davrida bunday subyektlari soni 172 mingta bo‘lgan. Shuningdek, o‘tgan yilning dastlabki olti oyida onlayn kassa tizimi orqali isteʼmolchilarga 27,5 mlrd so‘mlik cheklar berilgan bo‘lsa, joriy yil birinchi yarmida 48,7 mlrd. so‘mlik cheklar berilgan.
Mazkur tizim savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida bir qator qulayliklar yaratadi. Xususan:
- tadbirkorlik subyektlariga sifatli va uzluksiz xizmat ko‘rsatish taʼminlanadi;
- sohada jamoatchilik nazorati mustahkamlanadi;
- isteʼmolchilar huquq va manfaatlari himoya qilish qatʼiylashadi;
- xufiyona iqtisodiyot ulushi qisqaradi;
- savdo (xizmat ko‘rsatish) shoxobchalarida tekshiruvlar kamayadi.
Onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan to‘lov terminali orqali qabul qilingan to‘lovlar uchun xaridorlarga to‘lov terminali cheki bilan birga onlayn-NKM yoki virtual kassa cheki ham berilishi shart (PF-5813-son, 5-bandi. VM-943-son qarori, 1-ilova, 6-bandi).
Eslatib o‘tamiz, farmon bilan naqd pul tushumiga ega bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarining onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tkazish grafigi tasdiqlangan.
Mazkur grafikda ko‘rsatilgan muddatlar tugagandan keyin onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanmasdan tovarlarni realizatsiya qilish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish, onlayn-NKM yoki virtual kassa orqali chek taqdim etmaslik yoki fiskal belgiga ega bo‘lmagan cheklarni taqdim qilish – fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini ishlatmasdan savdoni amalga oshirganlik va xizmatlar ko‘rsatganlik deb baholanadi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi (PF-5813-son, 5-bandi).
Soliq kodeksining 221-moddasiga muvofiq nazorat-kassa texnikasini qo‘llamasdan savdoni amalga oshirganlik va xizmatlar ko‘rsatganlik, xaridorga cheklarni yoki ularga tenglashtirilgan hujjatlarni bermasdan tovarlarni realizatsiya qilganlik va xizmatlar ko‘rsatganlik besh million so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi